O’zbekiston Milliy kutubxonasida “Abu Rayhon Beruniy dahosi: Zamonaviy ilm-fanni sintezi va integratsiyalashda uning ilmiy merosini o’rni” mavzusida ilmiy anjuman bo’lib o’tdi - Bo`limga qaytish
21.05.2014
21 may kuni O’zbekiston Milliy kutubxonasining Katta majlislar zalida “Sharq ayoli” Xalqaro Ayollar Jamoat Fondi hamda O’zbekiston Respublikasi, Fanlar akademiyasi Tarix Instituti, O’zbekiston Ekologik harakati bilan hamkorlikda “Abu Rayhon Beruniy dahosi: Zamonaviy ilm-fanni sintezi va integratsiyalashda uning ilmiy merosini o’rni” mavzusida buyuk ajdodimiz Abu Rayhon Beruniyning ilmiy merosini o’rganishga bag’ishlangan ilmiy anjuman bo’lib o’tdi.
Anjumanni O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri o’rinbosari, O’zbekiston Ekologik harakati markazi Kengashi ijroiya qo’mitasi raisi B.Alixonov kirish so’zi bilan ochib berdi.
Abu Rayhon Beruniyni dahosi to’g’risida Prezident Islom Karimov 15 may kuni “O’rta asr Sharq allomalari va mutafakkirlarining tarixiy merosi, uning zamonaviy sivilizatsiya rivojidagi roli va ahamiyati” mavzusidagi Xalqaro konferensiyaning ochilish marosimidagi nutqida Ulug‘ qomusiy alloma Abu Rayhon Beruniyning ilmiy dahosi bilan yaratilgan mislsiz kashfiyotlarga to‘liq baho berishning o‘zi qiyin. Beruniyning 150 dan ziyod ilmiy ishlaridan bizgacha faqat 31 tasi yetib kelganiga qaramasdan, alloma qo‘lyozmalarining qo‘limizdagi ana shu to‘liq bo‘lmagan namunalari ham uning naqadar serqirra meros qoldirganidan dalolat beradi, deb ta’kidlaganlar.
Bizga ma’lumki, buyuk ajdodimiz, O’rta asrning qomusiy allomasi Abu Rayhon Beruniy (973.4.9, qad. Kot (Kat) sh.-1048.11.12. G’azna shahrida tavallud topgan. Abu Rayhon Beruniy ilm fanning hamma sohalarida samarali ijod qilgan edi. Uning ilmiy merosi juda keng va rang-barang. Beruniyning ilmiy ish sohasidagi zo’r qobiliyati uning ko’pchilik zamondoshlari va keyingi olimlar tomonidan e’tirof etilgan. Uning asarlari mavzu jihatdan turli-tuman. Ko’pchilik asarlari o’z zamonasida o’ziga xos bir qomus hisoblangan. Beruniy ijodini o’rganish, uning asarlarini nashr etish, boshqa tillarga tarjima qilish ishlari o’tgan asr oxirlaridan boshlandi. Uning “Qadimgi xalqlardan qolgan yodgorlik”, “Hindiston”, “Geodeziya”, “Mineralogiya”, “Ma’sud qonuni”, “Munajjimlik san’atidan boshlang’ich tushunchalar” va boshqa asarlarining matni nashr etildi, turli tillarga tarjima qilindi.
Anjumanda tadqiqotchi va olimlarning o’rta asrlarning buyuk qomusiy olimlaridan bo’lgan, buyuk ajdodimiz Abu Rayhon Beruniyning o’sha davrning deyarli barcha fanlariga qo’shgan betakror ilmiy merosi haqida o’qigan qimmatli ilmiy ma’ruzalari, anjumanga tashrif buyurgan ishtirokchilarga ayniqsa, yoshlarda juda katta taassurot qoldirdi.