Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasi
  • Asosiy so’zlar
  • Kitob muallifi
O’zbekiston Milliy kutubxonasining fondi “O’rta asrlar sharqining mashhur olim va mutafakkirlari” kitobi bilan to’ldirildi - Bo`limga qaytish


19.05.2014
Samarqand shahrida 15-16 may kunlari  “O‘rta asrlar Sharq allomalari va mutafakkirlarining tarixiy merosi, uning zamonaviy sivilizatsiya rivojidagi roli va ahamiyati” mavzusida xalqaro konferensiya bo’lib o’tdi.  Sharqshunos mualliflar tomonidan tayyorlangan va nashr etilgan “O’rta asrlar sharqining mashhur olim va mutaffakirlari” kitobi namoish qilindi.
 
Kitobda, Sharqu G‘arbni o‘zaro bog‘lagan, buyuk sivilizatsiyalar tutashgan yurtimiz hududida ilm-fan  madaniyati, o‘rta asrlarda yashagan olimu shoirlar, buyuk mutafakkirlar, ularning matematika, fizika, kimyo, astronomiya, etnografiya, tibbiyot, tarix, adabiyot, axloq, falsafa kabi ko‘plab sohalarga oid asarlari, Samarqand, Buxoro, Xiva, Toshkent, Shahrisabz, Termiz va boshqa shaharlardagi qadimiy obidalari to’g’risida ma’lumotlar va foto sur’atlar keltirilgan.
 
Ushbu kitob albomi 4 ta bobdan iborat. 1-bobda  ezgu maqsad va tafakkur bilan yashagan xalqimizning jahon taraqqiyotiga qo‘shgan ulkan hissasi, O’rta asr olimlarining yutuqlari, zamonaviy fanlar poydevori hisoblanmish matematik va astronomlari, 2-bobda O’rta asrlarda tabiatshunos olimlarning ratsionalistik g’oyalari, tabib va dorilshunoslar, kimyogar va geologlar, geograflar, 3-bobda tarixchi olimlar, faylasuflar, 4-bobda badiiy adabiyot va tilshunoslik yutuqlari  tog’risida ma’lumotlar berilgan.  
 
O‘sha davrdagi eng buyuk mutafakkir olimlardan biri Muhammad Muso Xorazmiydir. Bugun butun dunyo foydalanadigan hisob-kitob amallari, zamonaviy texnologiyalar faoliyati ana shu bobokalonimiz yaratgan qoidalarga asoslanadi. Butun dunyo Xorazmiyning ilm-fan rivoji yo‘lidagi hissasini yuksak qadrlaydi, uni voyaga yetkazgan zaminga alohida ehtirom bilan qaraydi.
 
Ahmad Farg‘oniyning “Astronomiya asoslari” nomli asari o‘n ikkinchi asrda lotin va ivrit tillariga tarjima qilingani, keyinchalik Italiya, Germaniya, Fransiya, Gollandiya va AQSh kabi ko‘plab mamlakatlarda qayta-qayta chop etilgani uning naqadar ulkan ahamiyatga egaligini ko‘rsatadi. Allomaning Yer sharsimon shaklda ekanligi borasidagi qarashlarini oradan sakkiz yuz yil o‘tib amalda isbotlagan mashhur sayyoh Xristofor Kolumb “Yer meridianining bir darajasi miqdori haqidagi al-Farg‘oniy hisoblarining to‘g‘riligiga to‘la ishonch hosil qildim”, deya dastxat qoldirgan. O‘n oltinchi asrda Oydagi kraterlardan biriga bobokalonimiz nomi berilgan.
O‘rta asrlarda Sharq ilm-fani rivojida Xorazm Ma’mun akademiyasi alohida o‘rin tutgan. Ulkan kutubxona, madrasa, tarjimon va xattotlar maktabi kabi tuzilmalarga ega bo‘lgan bu dargohda yuzdan ortiq allomalar, iste’dodli talabalar ilmiy izlanishlar olib borgan. Abu Nasr ibn Iroq, Abu Rayhon Beruniy, Abu Ali ibn Sino, Mahmud Xo‘jandiy, Ahmad ibn Muhammad Xorazmiy va Ahmad ibn Hamid Naysaburiy kabi qomusiy olimlarning umumbashariy tafakkur rivojiga qo‘shgan hissasi beqiyosdir.
 
Ibn Sino nomi dunyo fani va madaniyati tarixiga zarhal harflar bilan bitilgan. Doimo yashil bo‘lib turuvchi tropik o‘simlik “Avitsenniya” deb atalgan. Ko‘plab mamlakatlarda ko‘chalar, o‘quv va tibbiyot muassasalariga uning nomi qo‘yilgan, alloma sharafiga medal va mukofotlar ta’sis etilgan.
Mirzo Ulug‘bek yurtimizning bir qator shaharlarida madrasalar qurdirgan, Samarqandda o‘ziga xos ilmiy muhit, hozirgi tilda aytganda, akademiya tashkil etgan. U yerda 200 dan ortiq olim faoliyat yuritgan. Falakiyot ilmining nazariy va amaliy masalalari to‘la qamrab olingan Ulug‘bekning “Zij”i o‘rta asrlardayoq Osiyo va Yevropa mamlakatlarida keng tarqalgan. Yevropalik astronom olimlar uni lotin, fransuz, ingliz tillariga tarjima qilgan, sharhlar bitgan.
Ushbu kitobda Sharq uyg’onish davrlarida yashab ijod qilgan o’ttizdan ortiq olim va mutafakkirlarning hayoti va ilm fanda erishgan yutuqlari haqida qisqacha ma’lumotlar mavzu bo’yicha xronologik tartib asosida berilgan. 
 
Tabiyki, bu ro’yhatda o’rta asrlar sharqining fan va madaniyat rivoji tarixida o’chmas iz qoldirgan barcha vakillari qamrab olingan emas. Biroq shunga qaramasdan, taqdim etilayotgan ma’lumotlar ular faoliyatining umumjahon yaratuvchanlik jarayoniga ko’rsatgan ijobiy ta’sirini yorqin namoyon etadi.
 
Kitob o’rta asrlar yutuqlarining bugungi kun uchun ham ahamiyatli, ham yuksak va dolzarb ekanligi to’g’risidagi tasavvurning shakllanishiga хizmat qiladi.

 

Oldin      Keyin
Yangi adabiyot va kitoblar
  • Yangi kelgan adabiyotlar (2016 yil 9-11 mart)
  • Yangi kelgan adabiyotlar (2016 yil 29 fevral – 5 mart)




 

natlib.uz Sizga manzurmi




Natijalar