O’zbekiston Milliy kutubxonasida O‘zbekiston va Qoraqalpog‘iston xalq yozuvchisi To‘lepbergen Qayipbergenov tavalludining 85 yilligiga bag‘ishlangan kitobli ko‘rgazma va bibliografik ko'rinish tashkil qilindi -
Bo`limga qaytish
12.05.2014
12 may kuni O’zbekiston Milliy kutubxonasida O‘zbekiston va Qoraqalpog‘iston xalq yozuvchisi To‘lepbergen Qayipbergenov tavalludining 85 yilligiga bag‘ishlangan kitob-rasmli ko‘rgazma va bibliografik obzor tashkil qilindi.
To‘lepbergen Qayipbergenov o‘zbek va qoraqalpoq adabiyotida o‘z o‘rni, o‘z ovozi, ijodiy salohiyatiga ega bo‘lgan adiblardandir. Uning yarim asrdan ko‘proq vaqt davomidagi ijodiy faoliyati, yuksak badiiy qimmatga ega asarlarini chin ma’nodagi fidoyilik mahsuli, deyish mumkin.
To‘lepbergen og‘a adabiyot olamiga she’r bilan kirib kelgan edi, keyinchalik nasrga qo‘l urib, qoraqalpoq adabiyotida o‘ziga xos maktab yarata oldi.
Dastlabki hikoyalari va ocherklari “Bloknot so‘zlaydi” nomi bilan chop etilib, zamondoshlariga manzur bo‘lsa-da, bundan yozuvchining ko‘ngli to‘lmadi. Adibning badiiy mushohadalari chuqurligi va kengligi tom ma’noda uning qissa va romanlarida namoyon bo‘ldi. “Salom, muallim”, “Kotib” qissalari bilan “So‘nggi hujum”, “Qoraqalpoq qizi” romanlari kitobxonlarning sevimli asarlariga aylandi.
To‘lepbergen Qayipbergenovning ana shu jasorati, o‘z xalqiga bo‘lgan sadoqati mahsuli o‘laroq, “Mamanbiy afsonasi ”, “Baxtsizlar”, “Gumrohlar” romanlari va “Qoraqalpoq dostoni” trilogiyasi yaratildi. Asar o‘zbek va rus tillarida chop etildi. To‘lepbergen og‘aning so‘nggi yillarda chop etilgan “Qoraqalpoqman, tavakkalchiman”, “Qalbimning qomusi” asarlarida umr bo‘yi ko‘rgan- kechirganlaridan xulosalarni yoshlarga o‘git-nasihatlar sifatida bayon etdi.
Ko’rgazmada shoir Shukur Qurbon kitobxonlarga To‘lepbergen Qayipbergenovning shaxsiyati, shuningdek, uning qalamiga mansub mashxur asarlari haqida gapirib berdi.
To‘lepbergen Qayipbergenov to’g’risidagi kitoblar, yozuvchi xususida ma`lumotlar namoyish etildi. Tashrif buyurganlar To‘lepbergen Qayipbergenovning respublikamizda chop etilgan adabiyotlari haqida ma’lumotlarga ega bo’ldilar.