Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasining fondi "Shanxayga yo‘l" loyihasi bo‘yicha Xitoy haqidagi yangi adabiyotlar bilan to‘ldirildi -
Bo`limga qaytish
18.04.2014
O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi turli xalqaro hamkorliklarining samarasi natijasida, yurtimizda xitoy tili va madaniyatini o‘rganishga bo‘lgan qiziqish ancha ortib bormoqda. Kuzatuvlar natijasida Milliy kutubxonada ham xitoy tilidagi adabiyotlarga talab borligini ko‘rish mumkin. Foydalanuvchilarning talab va istaklarini inobatga olgan holda 2013 yilning 24 aprel kuni Milliy kutubxona va Shanxay ilmiy tadqiqot va ommaviy kutubxonasi o‘rtasida “Hamkorlik memorandumi” imzolandi. (1995 yilning oktyabr oyida Shanxay kutubxonasi Shanxay ilmiy texnikaviy axborot instituti bilan qo‘shilgandan keyin, mamlakatda birinchi yetuk axborot va bibliografik majmuiga aylandi).
Milliy kutubxona 2002 yildan beri «Shanxayga yo‘l» Xalqaro loyihasida qatnashib kelmoqda. Ushbu loyihaning asosiy maqsadi - xorijiy kitobxonlarni Xitoy tarixi, urf-odatlari, mamlakatning siyosiy islohotlari va yangi yutuqlari bilan tanishtirishdir.
Hozirgi kunda «Shanxayga yo‘l» loyihasi 60 dan ortiq kutubxona va 48 dan ortiq mamlakatlarda o‘z faoliyatini olib bormoqda.
Milliy kutubxona muntazam an'anaviy ravishda «Shanxayga yo‘l» loyihasi asosida 2013 yil 100 nusxa, joriy yilda 256 nusxada Xitoy mualliflarining tilshunoslik, adabiyot, turizm, madaniyat, tarix sohalariga oid xitoy va ingliz tillaridagi kitoblarni qabul qilib olib, foydalanuvchilarga taqdim qildi.
Resurslar bilan foydalanuvchilarni yaqindan tanishtirish maqsadida Milliy kutubxonaning “Jahon” o‘quv zalida kitob ko‘rgazmasi tashkil qilindi.