Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasining majlislar zalida Xalqaro teatr kuniga bag‘ishlangan “Teatr- ezgulikka chorlovchi tarbiya maskani” mavzusida ijodiy uchrashuv bo‘lib o‘tdi -
Bo`limga qaytish
26.03.2014
2014 yil 26 mart kuni soat 1500 da Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasining majlislar zalida Xalqaro teatr kuniga bag‘ishlangan “Teatr- ezgulikka chorlovchi tarbiya maskani” mavzusida ijodiy uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
27 mart - Xalqaro teatr kuni 1961 yili YUNESKO huzuridagi Xalqaro teatr instituti tomonidan Avstriyaning Vena shahrida bo‘lib o‘tgan IX kongressida ta'sis etilgan edi. Hozirgi kunda jahonning 100 dan ortiq mamlakatlarida 27 mart kuni teatr san'ati xodimlarining kasb bayrami sifatida keng nishonlanmoqda. Shu munosabat bilan O‘zbekiston Milliy kutubxonasida Xalqaro teatr kuniga bag‘ishlangan “Teatr-ezgulikka chorlovchi tarbiya maskani” mavzusida davra suhbati bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda elimiz suygan O‘zbekiston Milliy teatri ustoz ijodkorlaridan O‘zbekiston xalq artisti Tesha Mo‘minov va O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Gavhar Zokirovalar, san'atshunos olim, qo‘lyozmalar instituti xodimi Xondamir Qodiriy hamda “Teatr”-oylik, adabiy-badiiy jurnali ijodiy xodimlari, teatrshunos olimlar ishtirok etdilar.
Tadbirdan ko‘zlangan maqsad: Teatrning bugungi kunda jamiyat hayotida, tomoshabinlarning ma'naviy va estetik tarbiyasida tutgan muhim o‘rni va roli haqida sahnalarda yaratilayotgan asarlarning mazmun-mohiyati va ularni ijro etayotgan teatr san'atkorlari bilan ijodiy uchrashuv jarayoni orqali tomoshabin-yoshlarni teatr sahna asarlariga bo‘lgan qiziqishini yanada orttirishdan iborat.
Kutubxonaning foyesida tadbir ishtirokchilari va mehmonlari e'tiboriga O‘zbek va jahon teatrlari arboblari, ustoz san'atkorlarining sahnada ijro etgan rollari aks ettirilgan rasmlardan iborat ko‘rgazma tashkil etildi.
Tadbir davomida ishtirokchi va mehmonlar e'tiboriga havola etilgan o‘zbek teatrlari aktyor va aktrisalari ijodi namunalari asosida tayyorlangan videorolik zo‘r qiziqish bilan kutib olindi.