14.03.2014
Iskandar Rumiy (Aleksandr Makedonskiy)ning Arastu (Aristotel) degan ustozi bor edi. Undan bemaslahat ish qilmasdi. Ustozi saroyga kirib kelsa, o‘rnidan turib, izzat bilan kutib olardi. Hattoki uni o‘z otasidan ham ortiqroq ko‘rardi. Bir kuni undan "nechun Arastuni otangizdan ortiq izzat qilasiz?" deb so‘radilar. U dediki: "Otam go‘yoki meni osmondan yerga tushirdi, ammo ustozim Arastu meni osmonga ko‘tardi. Ya'ni otam dunyoga kelmog‘imga sabab bo‘ldi, ustozim ilm va odob o‘rgatib, martaba va izzatimning ortmog‘iga sababchi bo‘ldi".
Bu rivoyat mentalitetimizga, milliy o‘zligimizga qanchalik mos kelishi, bu - boshqa masala. Lekin ustoz o‘gitlarining, u shogirdiga berajak ilm va odobning mohiyati benihoya katta ahamiyatga ega ekanligi hech kimga sir emas. Hozirgi kunda yurtimizda bu masalaga alohida ahamiyatga ega emas.
Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasida O‘zbekiston Va Qoraqalpog‘iston Respublikalari Xalq artisti, sevimli xonanda Ortiq Otajonov hamda yoshlar orasidagi muloqotda aynan shu xususda so‘z bordi.


Avlodlar orasidagi bu muloqot-tadbirni kutubxona direktori Asadbek Xodjayev kirish so‘zi bilan ochib, yig‘ilganlarni anjuman bilan qutladi. San'atshunos Nigora Umarova mehmonlar bilan tanishtrib, ustoz san'atkor hayoti va ijodi to‘g‘risida so‘z aytdi va tadbirni olib bordi. Shundan keyin ikki avlod - ustoz san'atkor hamda xalqimiz yoshlari vakillari o‘rtasida savol-javoblarga keng o‘rin berildi. Shoir Berdi Rahmat, jurnalist Mahbuba Madraimova, kutubxona xodimasi Malika Matmurodova, Mildliy kutubxona qoshidagi "Iqtidorli yoshlar klubi" a'zosi Bahora Majidova va boshqalarning ustoz ijodiga taalluqli fikr-mushohadalari, ularga berilgan javoblar esda qoldi. Orttiq Otajonovning bolaligi va yoshligi, san'at bo‘stoniga qo‘ygan ilk qadamlari, ustozlari xususidagi hikoyalari, jonli ijro etgan qo‘shiqlari, yig‘ilganlarning ommaviy raqsga tushishlari ko‘pchilikka zavq ulashdi. Kecha oxirida ustoz san'atkorga esdalik sovg‘alari berildi. Tadbir to‘laligicha kutubxona fondida saqlash va esdalik uchun videotasmaga tushirildi.

