12.03.2014
11 mart kuni Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasida O‘zbekiston, Qoraqalpog‘iston va Turkmaniston Respublikalari Xalq artisti Bobomurod Hamdamov va kutubxona foydalanuvchi yoshlarining "Kim ekan, bu kim ekan?" deb nomlangan ijodiy uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Umr bo‘yi xalqimizga o‘z qo‘shiqlari bilan zavq-shavq ulashib kelayotgan, mumtoz va o‘lmas taronalardan tortib, zamonaviy, shuningdek, chet el musiqasi namunalarigacha yuksak darajada ijro etib, hatto xorijiy xalqlar muhabbatini qozongan, yurtimiz dong‘ini dunyoga yoygan san'atkorning hayoti va ijodiga, o‘y-mushohadalariga qiziqish anjumanda hukmronlik qildi.

Tadbirni Milliy kutubxona nashriyoti bosh muharriri Shukur Qurbon kirish so‘zi bilan ochib, yig‘ilganlarni mehmonlar bilan tanishtirdi. Moderator Nigora Umarova esa, anjumanga raislik qildi.
San'atshunos va suhandon Rahimboy Jumaniyozov, Tibbiyot fanlari doktori Fayzi Rahmon, hindshunos olim Ahmadjon Qosimov, O‘zMU Oliy jurnalistika kurslari rahbari Beruniy Alimov, yosh yozuvchi Adolat Ulug‘ova va boshqalar Bobomurod Hamdamov san'atidagi o‘ziga xosliklar, afzalliklar, ezguliklar to‘g‘risida, Xorazm mumtoz musiqasi an'analari, uning zamonga mos ohanglari borasida fikr yuritdilar. Shundan keyin ustoz san'atkor yoshlarning savollariga javob berdi. San'atkorlikning qiyin va mashaqqatli, shu bilan birga, sharafli yo‘llari xususida hikoya qildi.

Bobomurod Hamdamovning anjumanda yangragan qo‘shiqlari yuraklarni sel qildi. Kutubxona qoshida ochilgan "Iqtidorli yoshlar klubi" a'zolaridan, xalqaro tanlovlar g‘olibasi, Toshkent Dizayn kolleji talabasi Bahora Majidovaning raqslari tadbirga zeb berdi.
Anjuman oxirida ustoz san'atkorga esdalik sovg‘alar topshirildi va san'atkor muxlislar talabiga ko‘ra, esdalik uchun suratga tushdi.