Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasi
  • Asosiy so’zlar
  • Kitob muallifi
IQTIDORLI YOSHLAR KLUBINING NAVBATDAGI YIG‘ILISHI - Bo`limga qaytish


04.03.2014
 
“Mashhur faylasuflardan biri quyidagi haqqoniy  fikrlarni bayon qilgan: “Dushmanlardan qo‘rqma - nari borsa, ular seni o‘ldirishi mumkin. Do‘stlardan qo‘rqma, -nari borsa, ular senga xiyonat qilishi mumkin. Befarq odamlardan qo‘rq - ular seni o‘ldirmaydi ham, sotmaydi ham, faqat ularning jim va beparvo qarab turishi tufayli yer yuzida xiyonat va qotilliklar sodir bo‘laveradi”.
Har bir inson hayotida g‘oyat muhim ahamiyatga ega bo‘lgan ana shunday fikrlarni unib-o‘sib kelayotgan  yoshlarning ongiga singdirish, ularni hayot sinovlariga bardoshli etib tayyorlash bizning ota-ona, ustoz-murabbiy, rahbar-rahbarnamo sifatidagi, shu muqaddas yurt fuqarosi sifatidagi muqaddas burchimizdir”.
Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasi “Kino zali”da 1 mart kuni bo‘lib o‘tgan “Iqtidorli yoshlar klubi”ning navbatdagi yig‘ilishi muhtaram Prezidentimizning yuqoridagi fikrlariga amal qilingan holda, bahs va munozaralarga boy, qiziqarli tarzda o‘tkazildi.
Anjuman ishtirokchilari, eng avvalo, bir-birlarini bahor ayyomi bilan tabrikladilar. O‘lkamizdagi tinch-xotirjam  kunlarning  barqaror bo‘lishini tiladilar. O‘zbekiston xalq shoirasi Zulfiyaxonim Isroilovaning tug‘ilgan kuni munosabati bilan hayoti va ijodini yodga oldilar, kelayotgan Xalqaro xotin-qizlar kuni hamda Navro‘z bayramlari munosabati bilan so‘z aytdilar. 
Tadbirni olib boruvchisi Shukur Qurbon yig‘ilganlarga yoshlarning jamiyatda tutgan o‘rni, ular dunyoqarashini yanada yaxshi tomonlarga o‘zgarishi uchun nima qilish kerakligi, iqtidor egalarining ilm olishlari nur ustiga nur ekanligi, o‘z ustida ishlash jarayonining o‘ziga xosliklari borasida fikr yuritdi. O‘tayotgan  mashg‘ulotning mavzusi bo‘yicha o‘zbek shoirlaridan Sobit Madaliyevning ruboiylari va amerikalik adib Jek Londonning “Martin Iden” romanining ma'no va mohiyati, badiiyati borasida so‘zladi.
Shundan keyin yosh fotodizayner Bobur Turg‘unovning Milliy kutubxonada o‘tkazilayotgan tadbirlar to‘g‘risidagi hujjatli  fotokliplari namoyish qilindi va ishtirokchilar tomonidan olqishlar bilan qarshi  olindi.
Shoir, jurnalistlar va san'atshunos yoshlar Jahongir Norbo‘tayev, Iroda Muhitdinova, Javlon Jovliyev, Azizbek Qurbonov, Abbos Salohiddinov, Sardor Abdurasulov, Adolat Ulug‘ova, Dilshod Shukurov, Adibaxon Hayitova va boshqalar o‘z mashqlaridan parchalar o‘qishdi, bir-birlarining o‘qilgan she'rlariga munosabat bildirishdi. O‘zlari va ustozlarining yasharish fasli BAHOR va muhabbat haqidagi manzumalardan yod o‘qidilar. Jumladan:
 
Bormi bahorim, bormi?
Bormisan, sevikli yor?
Dilga shuncha ozormi,
Ey bahor, ey bahor?
 
Quyosh kular, kular hayot,
Anvoyi gullar kular.
O‘zni baxsh etmoqdan shod
Poyimizga yiqilar. 
 
Qaylardansan sen faqat,
Jondan aziz ko‘rganim,
Hyech yasholmas muhabbat,
Ayroliqqa o‘rganib.
 
Bormi bahorim, bormi,
Bormisan, sevikli yor?
Dilga shuncha ozormi,
Ey bahor, ey bahor?
Tadbir davomida Toshkent shahar Dizayn kolleji o‘quvchisi, Saudiya Arabistonda o‘tgan Xalqaro tanlov g‘olibi Bahora Majitova Abdullaxon qizining milliy raqslari yig‘ilganlarda katta taassurot qoldirdi. Shu bilan birga, raqqosa harakatlarining o‘ziga xosliklari to‘g‘risida fikr bildirishdi. Yosh raqqosa ularga minnatdorchilik bildirib, Saudiya Arabistonda bo‘lib o‘tgan ko‘rik tanlov taassurotlarini yig‘ilganlar bilan o‘rtoqlashdi. 
Davrada o‘qilgan she'rlardan bir nechtasi klub ishtirokchilarining asarlari asosida chop etiladigan kitob uchun saylandi.
Anjumanning faol ishtirokchilari kutubxonaning esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi. 
Klubning navbatdagi yig‘ilishi 2 haftadan so‘ng, 15 mart kuni soat 14:00 da tashkil etilishi e'lon kilindi. 

 
Oldin      Keyin
Yangi adabiyot va kitoblar
  • Yangi kelgan adabiyotlar (2016 yil 9-11 mart)
  • Yangi kelgan adabiyotlar (2016 yil 29 fevral – 5 mart)




 

natlib.uz Sizga manzurmi




Natijalar