Milliy kutubxonada “Xalqaro ona tili kuni” munosabati bilan tadbir bo‘lib o‘tdi. -
Bo`limga qaytish
21.02.2014
21 fevral kuni 14:00 da Milliy kutubxonaning “Jahon” o‘quv zalida “Xalqaro ona tili kuni” munosabati bilan tadbir o‘tkazildi.
Ma'lumki, Birlashgan millatlar tashkiloti tomonidan “21-fevral - Xalqaro ona tili kuni” sifatida belgilangan. Mazkur sana 2001 yildan buyon xalqaro miqyosda keng nishonlanib kelinmoqda. Xalqaro ona tili kunining mazmun-mohiyatida har bir xalqning o‘z milliy tafakkuri, ma'naviyati, ruhiyatining o‘zagini tashkil etadigan tilga alohida muhabbatning belgisi o‘z aksini topadi. Mazkur kun ona tili bayrami sifatida nishonlanar ekan, bu bayram munosabati bilan har bir insonning o‘z Vatani va o‘z tiliga bo‘lgan muhabbati, unga bo‘lgan ehtiromi, qadrlash tuyg‘ulari yangilanadi.
Tadbirda turli oliy o‘quv yurtlari talabalari, Milliy kutubxonaning “Jahon” xorijiy adabiyotlar o‘quv zalining doimiy foydalanuvchilari, Bangladesh xalq Respublikasining O‘zbekistondagi Elchisi janob Masud Mannan ishtirok etdilar. Ular turli tillarda tilga oid ma'ruzalar, taqdimotlar o‘tkazdilar. Taqdimotlar ingliz, rus, koreys, xitoy, arab, turk, o‘zbek tillarida bo‘lib o‘tdi.
Tadbir davomida ishtirokchilar ona tilining bugungi jamiyatimizda tutgan o‘rni va mavqei, istiqlol yillarida o‘zbek tilining ravnaqi, barkamol avlodni tarbiyalashda ona tilining o‘rni, pedagogik nashrlarda ona tilini o‘qitish borasidagi ilg‘or tajribalarning ommalashtirilishi mavzularida fikrlar bildirildi. Xususan, Milliy kutubxonada til o‘rganishga barcha sharoitlar, lingafon xonalari, xattoki talaba-yoshlarning tillarini o‘zlashtirishni rivojlantirishda, ularning o‘zaro bahs-munozaralari uchun, boshqa foydalanuvchilar diqqatini buzmaslik maqsadida rahbariyat tomonidan alohida sharoitlar yaratib berilganligi haqida ta'kidlab, o‘z tashakkurlarini izxor qildilar.
Tadbir yakunida viktorina savollari ham bo‘lib o‘tdi va viktorina g‘oliblariga Milliy kutubxona tomonida turli esdalik sovg‘alari taqdim etildi.
Shuningdek tadbir doirasida Milliy kutubxonaga yangi kelib tushgan xorijiy adabiyotlar, dunyo tillarini o‘rganishda qulay bo‘lgan audio-video resurslar namoyish etildi. Ushbu tashkillashtirilgan ko‘rgazma boshqa millat tillarini o‘zlashtirayotgan foydalanuvchilar va barcha uchun juda qiziqarli va ma'lumotlarga boy bo‘ldi.