Milliy kutubxonada Navoiy tavalludining 573-yilligi munosabati bilan 10 fevral “Navoiy kuni” tadbiri doirasida “Mangulikka muhrlangan mutafakkir” deb nomlangan davra suhbati va adabiyotlarning ochiq ko‘rgazmasi o‘tkazildi. -
Bo`limga qaytish
10.02.2014
G‘urbatda g‘arib shodmon bo‘lmas emish,
El anga shafiqu mehribon bo‘lmas emish.
Oltin qafas ichra qizil gul bitsa,
Bulbulg‘a tikandek oshiyon bo‘lmas emish.
Mustaqillik bizga barcha qadriyatlarimiz qatori mutafakkir, jahon adabiyoti taraqqiyotiga ulkan hissa qo‘shgan Alisher Navoiy merosini o‘rganishning keng ufqlarini ochdi. Endilikda uning ijodini aslicha, mohiyatini tushunib o‘rganish imkoniyati yuzaga keldi.
Milliy kutubxonada Navoiy kunida tashkil qilingan ma'naviy-ma'rifiy tadbirlar doirasida «Mangulikka muhrlangan mutafakkir» mavzusida davra-suhbati tashkil qilindi. Mazkur tadbir 10 fevral kuni Milliy kutubxonaning anjumanlar zalida soat 15:00da bo‘lib o‘tdi. Tadbirda 1948 yili Alisher Navoiyning 500 yillik yubileyi munosabati bilan kutubxonaga Alisher Navoiy nomi berilganligi, Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasi maqomi haqida, Milliy kutubxonada saqlanayotgan Alisher Navoiyning noyob asarlari, qo‘lyozma, toshbosmalari haqida gapirib o‘tdi. Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi delegatsiyasining Londonga (Buyuk Britaniya) rasmiy tashrifi chog‘ida Milliy kutubxonaga Alisher Navoiyning chig‘atoy tilida yozilgan «G‘aroyib us-Sig‘ar» qo‘lyozma asarining to‘liq elektron ko‘rinishini hamda ushbu asarning suratli va naqshli varaqlaridan nusxalar taqdim etilganligi, ushbu asar Alisher Navoiyning to‘rt devonining birinchisi bo‘lib, XVI asr miniatyura va kalligrafiyasining noyob namunasi hisoblanishi haqida ma`lumotlar berildi.
Bunday tadbirlarni o‘tkazishdan asosiy maqsad Navoiy shaxsiga bo‘lgan hurmat, ehtirom, qadr va faxrlanish tuyg‘ularini yoshlarimiz ongida yanada shakllantirishdan iboratdir.
Ushbu tadbirda Navoiyshunos olima Suyuma G‘aniyeva, Akademik Mahkam Maxmudov, filologiya fanlari nomzodi Nusratulla Jumayev, shoir Shukur Qurbonlar ishtirok etdilar. So‘zga chiqqanlar Navoiyning hayoti va ijodi haqida, u yaratgan asarlar dunyo mamlakatlari xalqlarini e'tirofiga sazovor bo‘lganligini va asrlar davomida barhayot ekanligini, Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida buyuk ajdodlarimizning umrboqiy ilmiy-ma'rifiy merosini o‘rganish borasida olib borilayotgan ezgu sa'y-harakatlar milliy adabiyotimizni rivojlantirish, xalqimiz, ayniqsa, yoshlar ma'naviyatini yuksaltirishga xizmat qilayotganini ta'kidlab o‘tdilar.
Talaba o‘quvchilar Navoiy asarlarining qanchalik bilimdoni ekanliklarini bilish maqsadida, shoir asarlari yuzasidan savol-javoblar o‘tkazildi.
Shuningdek tadbir doirasida adabiyotlarning ochiq ko‘rgazmasi ham tashkil qilindi. Ko‘rgazmada A. Navoiyning asarlari, Prezidentimiz I.A.Karimovning shoir ijodiga bag‘ishlangan so‘zlari, plakatlar, rasmlar o‘rin olgan. Nizomiddin Mir Alisher Navoiy tavalludining 573 yilligi respublika miqyosida keng nishonlanayotgan bir paytda mazkur tadbir kutubxona hayotida ham o‘ziga xos voqea bo‘ldi.
