Milliy kutubxonada Dmitriy Ivanovich Mendeleyev tavalludining 180 yilligi munosabati bilan kitob rasmli ko‘rgazma tashkil qilindi -
Bo`limga qaytish
10.02.2014
Milliy kutubxonaning “Kashfiyot” o‘quv zalida Rus xalqining buyuk farzandi, fanda yangi ilmiy dunyoqarashlarning yaratuvchisi Dmitriy Ivanovich Mendeleyev tavalludining 180 yilligi munosabati bilan uning hayoti va ilmiy faoliyatiga bag‘ishlangan kitob-rasmli ko‘rgazma tashkil qilindi. Ko‘rgazmada olimning hayoti, kimyo faniga oid kitoblar namoyish qilingan. Shuningdek kitob ko‘rgazmalari ichida buyuk olim hayotiga bag‘ishlangan fotogalereya ham tashkil qilindi.
Dmitriy Mendeleyev 1834 yil Tobolskda tug‘ilib o‘sdi. U oiladagi 14 farzandning eng kenjasi edi. Mendeleyev Peterburg universitetini tamomlab, tez orada kimyo fanlari professori bo‘ldi. U turli elementlarning o‘zaro aloqadorligini o‘rgandi. O‘sha davrlarda ko‘pchilik kimyo olimlarining tushunishlariga ko‘ra, ba'zi elementlarning bir biriga yaqinligi yoki o‘xshashligi ulardagi atom massasini ifodalaydi. Elementning atom massasi - undagi bitta atom massasining vodorod atomining massasiga nisbatidir. Shunga ko‘ra Mendeleyev 1869- yilda o‘zining davriy sistemalar jadvalini tuzdi, unda elementlarning kimyoviy belgilarini atom massalari ortib borishi va kimyoviy xossalarining qaytarilishi tartibida joylashtirib chiqdi. Bunda jadvalning qator va guruhlarida xossalari bilan bir-biriga o‘xshash elementlar joylashdi. Bu davriy sistema hozirgi kunda hammaga tanish, uni butun dunyo maktablarida o‘rganishadi.
Mendeleyevning siyosiy dunyoqarashi uning iqtisodiy dasturlariga bo‘ysungan edi. «Chorlovchi o‘ylar» asarida u rus sanoatining yuksalishida hukumat oldida turgan vazifalarni ko‘rsatib berib, uning oldidagi to‘siqlarni olib tashlash kerakligini qayd etadi. Olimning industriyani rivojlantirishga ilmiy-madaniy jihatdan yondashishi yanada ahamiyatlidir. U fanning fundamental bilim manbai ekanligini hisobga olgan holda, hech qachon progmatizm g‘oyalarida turmagan. Bu uning dunyoqarashiga yot narsa edi. Progmatizm - ilm-fanning ahamiyatini faqat bilimlar to‘plami sifatida anglab, uning ishlab chiqarishdagi rolini tushunmaslik bo‘lib, bu Mendeleyev tomonidan to‘g‘ri talqin qilingan edi. YUqoridagilardan ko‘rinib turibdiki, Mendeleyevning ijtimoiy va ilmiy-falsafiy qarashlari o‘ziga xos va turli-tumandir. Ishlab chiqarish kuchlarini cheksiz taraqqiy ettirish va iqtisodiy masalalar, shuningdek, tabiat qonunlariga dialektik yondashish olim dunyoqarashining asosini tashkil etadi. Unda qaror topgan bunday dunyoqarash, tabiiy fanlarning rivojiga katta hissa qo‘shgan olamshumul kashfiyot - davriy qonun va davriy sistemaning yaratilishiga olib keldi.