Milliy kutubxonada Navoiy tavalludining 573-yilligi munosabati bilan 10 fevral “Navoiy kuni” tadbiri doirasida Milliy kutubxona hamda ZiyoNet resurs markazi bilan hamkorlikda adabiy-badiiy kecha o‘tkazildi. -
Bo`limga qaytish
10.02.2014
Ma'naviyat va ma'rifatni yuksaltirish, barkamol avlodni voyaga yetkazish, ona tilimiz, milliy adabiyotimiz ravnaqida ulug‘ shoir, mutafakkir Alisher Navoiy ijodining ahamiyati beqiyosdir. O‘zbekistonda Navoiy merosini o‘rganish, asarlarini nashr etish, mazmun-mohiyatini keng targ‘ib va tashviq qilish masalasiga katta e'tibor qaratilmoqda. Bugun Alisher Navoiy haqli suratda jahon madaniyatining mumtoz vakillari safidan o‘rin oldi. Asarlari jahondagi yuzlab tillarga tarjima qilindi. Dunyo ahli uning merosi bilan qiziqmoqda, asarlarida tarannum etilgan olijanob g‘oyalar va falsafiy mushohadalaridan zavq olmoqda. Shoirning asarlarida ulug‘lagan yurt ravnaqi, obodligi, osuda va farovon hayot, jamiyatdagi barqarorlik, o‘zaro totuvlik va ahillik, mehr-oqibat muhitini asrab-avaylashdek ezgu g‘oyalar ko‘rinib turadi.
Mamlakatimizning ta'lim va madaniyat muassasalarida hamda ko‘pgina xorij mamlakatlarda har yili 9 fevral buyuk mutafakkir, shoir, g‘azal mulkining sultoni Alisher Navoiy tavalludiga bag‘ishlangan ijodiy kechalar, davra suhbatlari, uchrashuvlar bo‘lib o‘tishi an'anaga aylangani barchamizga ma'lum. Shu munosabat bilan O‘zbekiston Milliy kutubxonasida ham buyuk shoir va mutafakkir Nizomiddin Mir Alisher Navoiy tavalludining 573-yilligi munosabati bilan 10 fevral “Navoiy kuni” deb e'lon qilindi. Ushbu kunda shoir ijodiga bag‘ishlangan davra suhbati, g‘azalxonlik va mutafakkir qalamiga mansub asarlardan teatrlashtirilgan chiqishlari o‘rin olgan.
10 fevral kuni Milliy kutubxonaning majlislar zalida soat 11:00 da «Kamol et kasbkim…» shiori ostida «Navoiy va zamondoshimiz» mavzusida Milliy kutubxona hamda ZiyoNet resurs markazi bilan hamkorlikda adabiy-badiiy kecha o‘tkazildi.
Tadbirni o‘tkazishdan asosiy maqsad Alisher Navoiy merosidan xalqimizni, ayniqsa yoshlarni bahramand etish, milliy ma'naviyatimizni yuksaltirishda uning ijodini keng targ‘ib qilishdan iborat.

Kechani Milliy kutubxona direktori A.Xodjayev ochib berdi. Anjumanda so‘zga chiqqan filologiya fanlari nomzodi Sirdaryo O‘tamova, professor Qozoqboy Yo‘ldoshev, O‘zbekiston va Qoraqalpog‘iston xalq artisti Maxmud Nomozov, shoir Shukur Qurbon va boshqalar Alisher Navoiyning ibratli hayoti va boy ijodiy merosini o‘rganish barkamol avlod tarbiyasida g‘oyat muhim ahamiyatga ega ekanini, Navoiyni anglash, uning falsafiy, axloqiy, madaniy-ma'rifiy mushohadalarga boy asarlarini o‘qish va tushunishning o‘zi ham ulkan saodat ekanligini ta'kidladilar. Tadbirda Alisher Navoiy dahosiga bag‘ishlangan she'rlar o‘qildi, g‘azallaridan kuylar tinglandi. Tadbir so‘ngida esa Alisher Navoy ijodiga bag‘ishlangan viktorina savollari bo‘lib o‘tdi.
