Foydali resurslar
2014 yil 17 yanvar kuni Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasining “Ijod” o‘quv zalida O‘zbekiston xalq artisti, Hamza nomidagi O‘zbekiston Davlat mukofoti laureati Toshxon Sultonova tavalludining 105 yilligiga bag‘ishlangan ko‘rgazma tashkil qilindi. Ko‘rgazmada Toshxon Sultonovaga mansub asarlar hamda uning hayotiga bag‘ishlangan kitoblar namoyish qilindi.
Toshxon Sultonova 1909 yilda dunyoga keldi. Muallif O`tkir Shokirov, Muhammad Abduqunduzovlarning “Milliy teatrimiz namoyandalari” kitobida Toshxon Sultonova 1909 yildaToshkent shahrida tug`ilganligi haqida, ba`zi ma`lumotlarga qaraganda esa 1909 yil 7 yanvarda Farg`ona viloyatining Toshloq tumanida tug`ilganligi haqida ma`lumotlar keltirilgan. U 1924-1927 yillarda Moskvadagi O‘zbek drama studiyasida o‘qigan. 1927 yildan boshlab to 80-yillargacha Hamza nomidagi O‘zbek Davlat akademik drama teatri (hozirgi O‘zbek Milliy akademik drama teatri)ning yetakchi aktrisalaridan biri sifatida o‘nlab yorqin obrazlar yaratdi.
Toshxon Sultonova o‘tgan asrning 20-30 yillarida Hamza teatri sahnasida Smerildina (K. Goldoni, «Ikki boyga bir malay»), Anna Andreyevna (N. Gogol, «Revizor»), Rahima xola (Hamza, «Boy ila xizmatchi») kabi obrazlarni yaratib, asta-sekin o‘z ijod yo‘li va uslubini belgilaydi.
Murakkab xarakterli ayollar obrazlari T. Sultonova ijodida alohida va muhim o‘rin tutadi. U yaratgan obrazlarning aksariyati sirtdan qaraganda qahri qattiq, bir so‘zli, qaysar, qo‘rs, biroq adolat va haqiqat uchun izchil kurashuvchi mard, odil va jasur ayollardir. Rahima (A. Qahhor, «Og’riq tishlar»), Hamrobibi («Shohi so‘zana»), Gavharshodbegim (M. Shayxzoda, «Mirzo Ulug‘bek»), Xosiyat (Uyg‘un, «Hurriyat»), Adolat (O‘lmas Umarbekov, «Komissiya») va boshqalar bunga misol bo‘la oladi. Bu obrazlar aktrisaning madaniy jamoatchilikka keng tanilishida asosiy omil bo‘ldi. Qahramon xarakterini ochishda hayotiy detallardan ustalik bilan foydalanish Toshxon Sultonova ijodiga xos xususiyatdir.
Iste'dodli teatr aktrisasi Toshxon Sultonovaning ijodi munosib taqdirlandi. Milliy teatrimiz namoyandalari” kitobidagi ma`lumotlarga qaraganda iste`dodli aktrisaga 1955 yilda «O‘zbekiston xalq artisti» faxriy unvoni berilganligi, 1979 yilda esa Xamza nomidagi O‘zbekiston Davlat mukofoti laureatiga sazovor bo‘ldiganligi haqida ma`lumotlar berilgan.
Toshxon Sultonova 1989 yilda Toshkent shahridada vafot etdi.


