O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlar Akademiyasida O‘zbekiston Milliy kutubxonasi hamkorligida O‘zbekiston xalq artisti Farrux Zokirov bilan ijodiy uchrashuv -
Bo`limga qaytish
06.01.2014
5 yanvar kuni O‘zbekiston Qurolli Kuchlar Akademiyasida O‘zbekiston Milliy kutubxonasi bilan hamkorlikda “14 yanvar - Vatan himoyachilari kuni”ga bag‘ishlab O‘zbekiston xalq artisti Farrux Zokirov bilan ijodiy uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda Farrux Zokirov, Boris Babayev, Milliy kutubxona vakillari Farrux Musayev va shoir Shukur Qurbon hamda Qurolli Kuchlar Akademiyasi harbiylari qatnashdilar.
Uchrashuv davomida Vatanimiz mustaqillikka erishgandan to shu kunga qadar harbiy sohada, qurolli kuchlarda olib borilayotgan islohotlar, Ona Vatanimiz sarhadlarining dahlsizligini ta'minlashda tunu kun fidokorona xizmat qilayotgan harbiylarimizning mashaqqatli va mas'uliyatli mehnatlari xususida so‘z yuritildi. Uchrashuvning badiiy qismida esa, tadbir mehmoni, O‘zbekiston xalq artisti, «Yalla» ansamblining rahbari, o‘zbek milliy estradasining asosiga va rivojiga o‘zining ulkan va beminnat hissasini qo‘shgan taniqli Zokirovlar sulolasi vakili Farrux Zokirov o‘zining va sulola vakillarining ijodi haqida qiziqarli ma'lumotlar berib o‘tdi.
Shoir Shukur Qurbon Zokirovlar sulolasi haqida so‘z yuritar ekan, Botir Zokirovning xalqimiz ma'naviyatiga qo‘shgan hissasi, “Yalla” ansamblining ijodiy yo‘li, saboqlari haqida fikr yuritib, o‘zining Botir Zokirovga bag‘ishlab yozgan she'rini o‘qib berdi.
Tadbir qatnashchilaridan biri so‘zga chiqib, Farrux Zokirovning muxlisi ekanligini ta'kidlar ekan, 1987 yilda Kobulda, 1991 Boltiqbo‘yi mamlakatlarida xizmat qilayotganda vatandoshi va sevimli xonandasi bilan yurtidan uzoqda uchrashish baxtiga musharraf bo‘lganini, ushbu uchrashuv Ona Vatan sog‘inchini hamda xizmat mashaqqatlarini yengib o‘tishda unga kuch bag‘ishlaganini hayajon va maroq bilan so‘zlab berdi. Boshqa bir harbiy xizmatchi muxlis 1991 yilda tug‘ilgan farzandiga Farrux deb ism qo‘yganini va o‘g‘li ushbu tadbirga kelganligini aytganida esa, butun zal oyoqqa turib, harbiyning xonanda Farrux Zokirovga bo‘lgan hurmati va yuksak ehtiromini olqishladi.

Tadbir davomida uchrashuv qatnashchilari o‘zlarini qiziqtirgan savollariga javob olishga hamda Farrux Zokirovdan jonli ijroda qo‘shiq tinglashga musharraf bo‘ldilar.