O`zbekiston Milliy kutubxonasida taniqli yozuvchi Chingiz Aytmatov tavalludining 85 yilligi munosabati bilan kitob-rasmli ko‘rgazma tashkil qilindi. -
Bo`limga qaytish
16.12.2013
2013 yil 16 dekabr kuni O`zbekiston Milliy kutubxonasining «Istiqbol» o‘quv zalida Chingiz Aytmatov tavalludining 85 yilligi munosabati bilan kitob-rasmli ko‘rgazma tashkil qilindi.
Yigirmanchi asrdagi eng ulkan adiblardan biri, qardosh qirg'iz xalqining farzandi yozuvchi Chingiz Aytmatov 1928-yil Talas vodiysining Shakar qishlog'ida xizmatchi oilasida dunyoga keldi. Bo'lajak yozuvchining otasi To'raqul Aytmatov o'z vaqtida sobiq sovet hukumatining turli idoralarida mas'ul lavozimlarda ishlagan. Kommunistik qatag'on avjiga mingan o'ttizinchi yillarda qamoqqa olinib, yo'q qilib yuborilgan. Bolaligi g'oyat katta insoniy fojialar qurshovida o'tgan. O'n uch yashar Chingiz Aytmatov urush davrida qishloq kengashida kotiblik qildi. Ayni vaqtda, maktabda o'qishni ham davom ettirdi. Maktabni bitirgach, zootexniklik kasbini egallash uchun o'qidi. Keyinchalik, Moskvada oliy Adabiyot institutida tahsil olgan. Maktab va oliy o'quv yurtida ruscha o'qigan Ch. Aytmatov ko'plab asarlarini ham o'sha tilda yaratdi. Uning dastlabki asarlari kitobxonlar e'tiborini qozonib, tilga tushdi. Odamlarni, hayotni g'oyat yaxshi bilgan va chin yurakdan sevgan adib o'z asarlarida kishilar uchun juda aziz, juda zarur bo'lgan tuyg'ularni, holatlarni, mavzularni yoritib bera oldi.Chingiz Aytmatovning «Jamila», «Yuzma-yuz», «Momo yer», «Alvi-do, Gulsari», «Baydamtol sohillarida», «Birinchi o'qituvchi», «Oq kema», «Asrga tatigulik kun», «Qiyomat», «Kassandra tamg'asi» sin-gari asarlari dunyoning juda ko'plab xalqlari tillariga tarjima qilingan hamda ular tomonidan sevib o'qiladi.
Ko’rgazmada Chingiz Aytmatov haqidagi kitoblar, yozuvchi haqida ma`lumotlar namoyish etildi. Tashrif buyurganlar respublikamizda chop etilgan Chingiz Aytmatov adabiyotlari haqida ma’lumotlarga ega bo’ldilar.
