Milliy kutubxonada “Yosh rassomlar ijodidan” deb nomlangan rasmlar ko‘rgazmasi doirasida mahorat maktabi o’tkazildi -
Bo`limga qaytish
27.11.2013
Alisher Navoiy nomidagi O’zbekiston Milliy kutubxonasi kitobxonlar bilan anchayin yaqin munosabat o’rnatgan. Kitobxonlar yosh, kasb va soha jihatdan bir-biridan farq qilishsada, barchasini bir ma’naviyatga eltuvchi yo’l birlashtirib turadi. Quvonarlisi, har kungi tashrif buyuruvchilar orasida san'at markazlariga, hunar o’rganish to’garaklariga a'zo maktab o’quvchilari ko’pchilikni tashkil etadi. Ularni rag’batlantirish, tengdoshlariga o’rnak qilib ko’rsatish maqsadida ko’rgazmalar tashkil etish, mahorat darslari o’tkazish kutubxonada an'anaga aylangan.

Shu jumladan 27 noyabr kuni Milliy kutubxonada bo’lib o’tayotgan “Yosh rassomlar ijodidan” deb nomlangan rasmlar ko‘rgazmasi doirasida Shayhontohur tumani “Eski shahar” Bolalar va o’smirlar ijodiyot markazi “Sharq miniatyurasi” to’garagi a’zosi Hakimov Hayitboy tomonidan mahorat maktabi o’tkazildi.
- O’z rasmlarimda o’qigan kitoblarim qahramonlarini tasvirlashga harakat qilaman. "Tohir va Zuxra", " Farhod va Shirin" va shu kabi ko’plab rasmlarim kutubxonada mutolaa qilgan kitoblarim asosida yaratilgan. Shu bois ko’proq, kitob mutolaa qilishga harakat qilaman. Kelajakda xorijiy tillarni mukammal o’rganib milliy rassomchiligimizning go’zal namunalari bilan dunyo davlatlarni tanishtirmoqchiman - deydi yosh ijodkor.

Mashg’ulot davomida yosh rassom miniatyura yo’nalishi bo’yicha egallagan bilim va malakalarini yig’ilganlar bilan o’rtoqlashdi. Mashg’ulot so’ngida Xayitboy o’zi yaratgan ijod namunalaridan kutubxonaga sovg’a qildi. Yosh bo’lishiga qaramay rasmlari orqali insonlarga zavq bag’ishlayotgan ijodkorga kelgusi ishlarida omadlar tilaymiz.
