Turkmaniston Prezidentining O’zbekiston Milliy kutubxonasiga tashrifi -
Bo`limga qaytish
25.11.2013
25 noyabr kuni O’zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov va Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov Milliy kutubxonaga tashrif buyurdilar. Tashrif chog’ida Davlatimiz rahbari mamlakatimizda milliy va jahon madaniyati, fan va ta`limni rivojlantirish yo`lida axborot-kutubxona faoliyati sohasida o’tkazilayotgan islohotlar natijasi haqida; Milliy kutubxona yangi binosining tashkil etilishi, aholiga, ayniqsa yoshlarga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini (matn, audio, video, grafika) joriy qilish orqali axborot-kutubxona xizmatini ko’rsatish, ularni intellektual salohiyatini, bilimini, ma`naviy axloqiy va madaniy ehtiyojlarini to`liq qondirish imkoniyatini berishi haqida, hamda kutubxonada foydalanuvchilar uchun qulay shart-sharoitlar, keng axborot resurslari bazasini yaratish sohasida bir qancha ijobiy natijalarga erishganligini haqida batafsil ma`lumot berib o`tdi.
Bugungi kunda Milliy kutubxona fondi 6,9 million nusxani tashkil etmoqda. Shulardan 16 mingtasi qo’lyozma, nodir va alohida qimmatga ega nashrlar (1058 yilda yozilgan qadimiy qo’lyozma asar - Movardiy shular jumlasidandir), 3,8 mlndan ortiq kitoblar, 1,5 mlndan ortiq davriy nashrlar, 58 mingga yaqin musiqa va nota nashrlari, 525 mingdan ortiq ilmiy-texnik hujjatlar va 547 mingga yaqin mikroformalar, 75 tildagi 552 mingdan ziyod xorijiy nashrlar, 558 mingdan ortiq avtoreferatlar, 14 mingdan ziyod dissertatsiyalar, elektron ma’lumotlar bazasidagi 220 mingdan ortiq kitoblar, 220 ta kompyuterlar, 20 ta netbuklar, 10 ta infokiosklar, internet va WI-FI dan foydalanish imkoniyatlari, shuningdek chet el elektron ma'lumotlar bazasiga kirish imkoniyatlari mavjud. 1 oktabr holatiga ko’ra kutubxonaga 62,02 mingdan ortiq kitobxon a’zo bo’ldi. 2013 yilning 9 oyi davomida kutubxonaga tashrif buyuruvchilar soni 475,8 tadan ortdi. Foydalanuvchilarning bir kunlik tashrif buyurishi o’rtacha 1900 tani tashkil etadi, 9 oy davomida jami kitob berish (ochiq resurslarni hisobga olmaganda) 3,091 mln nusxani tashkil etadi. Bu ko’rsatkich yangi binoga ega bo’lishdan oldingi holatga nisbatan 3,5 barobar oshganligini ko’rsatadi.
Mehmonlar tashrif davomida kutubxona foydalanuvchilari bilan uchrashib, ularning nimalarga qiziqishlari haqida so’radilar. Yurtboshimiz chet tillarini o’rganish, kitobxonlar uchun yaratilayotgan shart-sharoitlar va kitobxonlar tomonidan tanlanayotgan adabiyotlar to’g’risida alohida to’xtalib o’tdi. Toshkent Temiryo’l transportlari injenerlari instituti 2 kurs talabasi Xoldarov Xasan Milliy kutubxonada hamma shart-sharoitlar yaratilganligi to‘g‘risida ta’kidlab, kutubxonaga har kuni kelib turishini e'tirof etdi. Toshkent axborot texnologiyalari universiteti 4 kurs talabasi Boymurodov Omon ham kutubxonada yaratilgan sharoitlar, ko‘rsatilayotgan xizmat turlari to‘g‘risida gapirib, bu yerda bo’lish unga judayam yoqishini aytdi.
Yurtboshimiz, kutubxona rivojlanishi istiqbollari to’g’risida gapirish asnosida, davlatimiz tomonidan jalb qilinayotgan investitsiyalar to’g’risida, ayniqsa Koreya Respublikasi Eksimbankining EDCF Fondi tomonidan “Bosma nashrlarni raqamlashtirish markazi” va “Multimediya resurslari markazi”ni o’z ichiga olgan “Milliy umumta'lim elektron kutubxona” loyihasini amalga oshirilishi haqida alohida to’xtalib o’tdi. Davlatimiz rahbari loyihani amalga oshirish jarayonida mamlakatimizning barcha 13 ming axborot-kutubxona muassasalari yagona tarmoqqa birlashtirilishi, Milliy kutubxona esa mamlakatimizning hamma kutubxonalari uchun muvofiqlashtirish va metod markazi bo’lishini e’tirof etdi. Tashrif yakunida Yurtboshimiz uchrashuvning barcha ishtirokchilariga tashakkur bildirib, o‘qishlarida muvaffaqiyatlar tiladi va OAVning diqqatini zamonaviy yoshlarning bilim olishga bo’lgan intilishlari ularning porloq kelajaklari kafolati ekanligiga qaratdi.