18 noyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Bayrog‘i qabul qilingan kun munosabati bilan «Tafakkur» o‘quv zalida kitob-rasmli ko‘rgazma tashkil qilindi -
Bo`limga qaytish
18.11.2013
18 noyabr kuni O’zbekiston Milliy kutubxonasining «Tafakkur» o‘quv zalida O‘zbekiston Respublikasi Bayrog‘i qabul qilingan kun munosabati bilan kitob-rasmli ko‘rgazma tashkil qilindi.
O‘zbekiston Respublikasi Bayrog‘i 1991-yil 18- noyabrda O'zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining VIII sessiyasida qabul qilindi. O'zbekiston Respublikasining davlat bayrog'i ramzi mamlakatimiz hududida ilgari mavjud bo'lgan g'oyat qudratli saltanatlar bayroqlariga xos bo'lgan eng yaxshi an'analarni davom ettirgan holda respublika tabiatiga xos xususiyatlarni, xalqimizning milliy va madaniy o'zligini ham aks ettiradi.
Bayroqdagi moviy rang - mangu osmon va musaffo suv ramzidir. Yaxshilikni, donishmandlikni, shon-shuhratga sadoqatni bildiruvchi moviyrang. Sharqda azaldan qadrlanadi, o'z vaqtida buyuk Amir Temur ham o'z bayrog'iga bu rangni tanlagan.
Oq rang - tinchlik va poklik timsolidir. Yosh mustaqil davlat o'z yo'lida baland dovonlardan oshib o'tishi kerak. Bayrog'imizdagi oq rang yo'lirnizning musaffo va charog'on bo'lishi uchun yaxshi niyat ramzidir.
Qizil yo'llar - bu har bir tirik jonning qon tomirida urib turgan hayotiy kuch, tiriklik ramzidir.
Yashil rang - serne'mat va orombaxsh tabiat timsoli. Hozirgi vaqtda butun dunyoda atrof-muhitni muhofaza qilish harakatlari keng yoyilmoqda, uning ramzi ham yashilrangdir.
Yarim oy - O'zbekiston xalqining ko'p asrlik an'analariga muvofiq keladi. Yarim oy va yulduzlar - musaffo osmonning va tinchlikning ramzlaridir.
Bayrog'imizda 12 yulduz tasviri bor, bu o'lkamizda qadimdan buyon barkamollik, mukammallik timsoli hisoblanadi. Yulduzlar barcha uchun ruhoniy, ilohiy tismol sanalgan. O‘zbekiston Respublikasi Davlat bayrog‘idagi 12 yulduz tasviri ham tarixiy an’analarimiz, qadimgi yilnomamizga bevosita aloqador. Bizning o‘n ikki yulduzga bo‘lgan e’tiborimiz O‘zbekiston sarhadidagi qadimgi davlatlar ilmiy tafakkurida nujum ilmi taraqqiy etganligi bilan ham izohlanadi. Davlat bayrog‘imizdagi 12 yulduz tasvirini o‘zbek xalqi madaniyatining qadimiyligi, uning komillikka, o‘z tuprog‘ida saodatga intilishi ramzi sifatida tushunish lozim.
Davlat bayrog'i - bizning o'tmishimiz, bugungi kunimiz va kelajagimiz ramzidir.
Ko’rgazmada O’zbekiston Respublikasi, uning suvereniteti va O’zbekistonning davlat ramzlari haqidagi kitoblar namoyish etildi. Tashrif buyurganlar respublikamizda chop etilgan yangi siyosiy adabiyotlar haqida ma’lumotlarga ega bo’ldilar.