Milliy kutubxonada Pirimqul Qodirov tavalludining 85 yilligiga bag'ishlangan -
Bo`limga qaytish
13.11.2013
Alisher Navoiy nomidagi O'zbekiston Milliy kutubxonasida 13 noyabr kuni Pirimqul Qodirov tavalludining 85 yilligiga bag'ishlangan Mehrga yo'g'rilgan ijod deb nomlangan anjuman o'tkazildi.
Ma'lumot: Pirimqul Qodirov 1928 yil 25 oktyabrda Tojikiston Respublikasi Shahriston dovonining etagida joylashgan Kengqo'l qishlog'ida tug'ilgan. Yozuvchi adabiyotga 50 yillarning o'rtasida kirib keldi. Uning birinchi asarlari talabalik yillarida e'lon qilingan edi.

Adib o'z asarlarida halollik, vijdoniylik, ma'naviy yuksaklikni, vafo va sadoqatni, fidokorlikni ulug'lash, insofsizlik va diyonatsizlikni qoralash yo'lidan bordi. Pirimqul Qodirov ijodining xalqimiz orasida shunchalik e'zozlanishining siri shundaki, u xalq dilidagi gaplarni yozdi, uning qalbiga yaqin insonlarni mehr-muhabbat bilan tasvirladi.
O'zining salkam 60 yillik serqirra ijodi davomida kitobxonlarga bir qator ma'naviy ozuqa beruvchi o'lmas asalar va qissalar yaratdi. Bu kabi buyuk asarlar o'zbek adabiyoti tarixida yuksak mavqega egadir. Pirimqul Qodirov L.Tolstoy, A.Chexov, K.Fedin, X.Deryayevlar ijodidan tarjimalar qildi. Adib badiiy ijodni, tarjimonlikni ilmiy-tadqiqot ishlari bilan qo'shib olib bordi. Adibning ijodiy asarlari asosida videofilmlar va spektakllar suratga olingan. Aksariyati esa xorijiy tillarga tarjima ham qilingan.
P.Qodirov mustaqillik yillarida yanada sermahsul ijod qildi. O'zining o'tkir qalami ila tariximizni, boy o'tmishimizni, xalqimiz hayoti va ajdodlarimiz siymosini o'lmas asarlarida yorqin jonlantirdi va bu keng jamoatchilik uchun tariximiz va bugunimiz o'rtasida o'ziga xos ko'prik vazifasini o'tab kelmoqda.

Pirimqul Qodirov atoqli adib, iqtidorli tashkilotchi sifatida bor kuchini yoshlarni milliy g'oya va vatanparvarlik ruhida ezgu amallarni bajarishga, ona yurtga sadoqat va muxabbat ruhida tarbiyalashga qaratdi.
Pirimqul Qodirovning o'zbek adabiyotini rivojlanishi yo'lidagi mehnatlari yuksak darajada baholandi. Unga davlatimiz tomonidan "O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan Madaniyat xodimi", "O'zbekiston Respublikasi Xalq yozuvchisi", "El-yurt xurmati" va «Buyuk xizmatlari uchun» ordeni bilan taqdirlandi.
O'zbek adabiyotining yirik vakili Pirimqul Qodirov 2010 yil 21 dekabr kuni 82 yoshda olamdan o'tdi. Uning yorqin xotirasi shogirdlari va biz kitobxonlar qalbida mangu muhrlanib qolajak.
Tadbirda Abusaid Ko'chimov, Zohir A'lam, Tursun Qoratoyev, Adhambek Alimbekov, Ulug'bek Hamdam, Sayyora Bekmirzayeva, Shukur Qurbon kabi elimizga taniqli shoir, yozuvchilar, O'zbekiston Milliy kutubxonasi foydalanuvchilari va xodimlari ishtirok etdilar. Tadbirni Milliy kutubxona direktor o'rinbosari ochib berdi. So'zga chiqqanlar Pirimqul Qodirov hayoti va ijodi, uning o'zbek adabiyoti rivojiga qo'shgan ulkan hissasi va o'zining ahamiyatini yo'qotmagan asarlari haqida o'z fikr-mulohazalarini bildirdilar. Yig'ilganlar o'zlarini qiziqtirgan savollariga javob oldilar.