O'zbekiston Milliy kutubxonasida shoir Abdulhamid Luzumiyning "MUNOJOT" yangi kitobining taqdimot marosimi bo'lib o'tdi -
Bo`limga qaytish
11.11.2013
11 noyabr kuni Alisher Navoiy nomidagi O'zbekiston Milliy kutubxonasida alloma va shoir Abdulhamid Luzumiyning "MUNOJOT" deb nomlangan yangi kitobining taqdimot marosimi bo'lib o'tdi.
Ma'lumki, adabiyotsiz ma'naviyat yo'q, ma'naviyatsiz kelajak yo'q. Adabiyotning esa chek-chegarasi yo'q. Lekin ona til degan buyuk hodisa bor, u adabiyotlarni qaysi xalqqa mansubligini ko'rsatib, belgilab turadi. Demak, dunyoda yaratilgan barcha asarlarning, u qaysi hududda yozilmasin, o'z egasi, u mansub bo'lgan xalqi bor. Jumladan, Qozog'iston Respublikasi hududida yashab, ijod etgan Abdulhamid Qosim o'g'li Sobirov - Luzumiy (1900-1977y.y.) asarlari shunga yorqin misol bo'la oladi.
Abdulhamid Luzumiy o'zining she'r va g'azallarini xozirgi vaqtda kamayib qolgan aruz vaznida yozib ijod qilgan. Uning ijodida buyuk ajdodlarimiz Alisher Navoiy, Fuzuliy kabi hazratlarning g'azallariga muxammas - o'xshatishlar alohida o'rin olgan. Bu usulda ijod qilish shoirdan alohida iqtidor va mahorat talab qiladi. Luzumiy shoirning bu boradagi ijodi ham tahsinga loyiq va ibratlidir. Ulardagi so'z ishlatish san'ati, ma'no tovlanishlari o'ziga xos noziklik bilan amalga oshirilgan.
MUNOJOT to'plamidan o'rin olgan asarlarda barcha yaxshilik va ezguliklar, milliy qadriyatlarimizga, mentalitetimizga mos odob-ahloq, mehr-oqibat, bir so'z bilan aytganda, iymon-e'tiqod belgilari, odamiylikning o'ziga xosliklari qalamga olingan.

Ushbu she'riy to'plamda Luzumiyning o'tgan asrning 40-60 yillardagi ijodidan namunalar o'rin olsa ham, bu asarlarning barchasi xozirgi zamon davriga hamnafas, xozirgi vaqtdagi yanada o'zligimizni anglash, Vatanga, elga sadoqat, buyuk tariximiz asosida yangi zafarlarga chorlashga, porloq kelajagimizni qurishda yoshlarimizni tarbiyalab, safarbar qilishga yordam beradi.
Bo'lib ko'klam ochildi gul gulistonni tomosha qil,
Gulistonlarda bulbul chekkan afg'onni tomosha qil.
Kirib gulzor ichinda subhidam bulbul fig'oniga,
Tabassum birla turgan g'uncha xandonni tomosha qil.
Chiqarib toza - toza barg ichinda to'p - to'p gullar,
O'ziga zeb bergan bog'u bo'stonni tomosha qil.
Yutib yangi havodan sog'liq sarmoyasin istab,
Quvonib ishlayotgan ishchi - dehqonni tomosha qil.
Biyobon lolayu sabza bila go'yo gilam bo'ldi,
Gilam ustida yurgan qo'yu cho'ponni tomosha qil.
Chaman yanglig' bolib avval, ochib har turli gul oxir,
Oq oltin birla to'lgan paxta maydonni tomosha qil.
Luzumiy, yer yuzi bu kun tomosha mavsumi bo'ldi,
Xususan, Osiyoda O'zbekistonni tomosha qil.
Tadbir davomida shoirning odamiylik, ezgulik, muhabbat haqidagi she'rlari o'qildi. Qatnashchilar o'zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldilar.