Ozarbayjon yozuvchisi Yunus O‘g‘uzning “Amir Temur” nomli kitobi taqdimoti -
Bo`limga qaytish
02.10.2013
2013 yil 1 oktyabr kuni G. Aliyev nomidagi Ozarbayjon madaniyat markazida taniqli Ozarbayjon yozuvchisi Yunus O‘g‘uzning “Amir Temur” nomli kitob taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
Yunus O‘g‘uz 1960 yilda Ozarbayjonning Shirvon shahrida tug‘ilgan. 1983 yilda Rostov Davlat universitetining falsafa fakultetiga o‘qishga kirib, 1988 yilda tamomlagan. Ozarbayjon Fanlar akademiyasida, matbuot organlarida rahbarlik lavozimlarida faoliyat yuritgan. 1994 yildan beri “Oloylar” (“Xabarlar”) axborot agentligining bosh direktori va shu nomdagi gazetaning bosh muharriri vazifasida ishlab kelmoqda.
Ko‘plab tarixiy, ilmiy, badiiy asarlar muallifi. Ayniqsa, “Nodirshoh” (2008), “Tahmasibshoj” (2009) va “Amir Temur” (ikki jildli: 1-jild - “Yuksalish sari”, 2011; 2-jild - “Dunyoning hokimi”, 2012) tarixiy romanlari jahonning qator tillariga tarjima qilingan.
Yunus O‘g‘uzning «Amir Temur» nomli ushbu ikki kitobdan iborat dilogiyasining «Yuksalish sari» deb nomlangan birinchi kitobida Sohibqiron Amir Temur hayotidagi eng muhim nuqtalar - uning Hindistonga yurish qilib, bu mamlakatni zabt etishi, «Dunyoning hokimi» deb nomlangan ikkinchi kitobida esa Amir Temurning Kichik Osiyoga yurish qilib, bir qator mamlakatlarni o‘z itoatiga kiritishi, jumladan, bu hududdagi eng qudratli hukmdor bo‘lgan, Ovrupoga katta xavf solib turgan turk sultoni Yildirim Boyazid ustidan g‘alaba qozonishi va dunyoning hokimiga aylanishi yuksak badiiy mahorat bilan tasvirlanadi.
Asar asl tarixiy manbalarga asoslangan bo‘lib, unda Amir Temurning jahon tarixida tutgan buyuk o‘rni, insoniyat tamaddunidagi ulkan xizmatlari haqqoniy yoritib berilgan.
Ushbu kitobni Usmon Qo‘chqor ozarbayjon tilidan o‘zbek tiliga tarjima qilgan. Taqdimot marosimida o‘zbek tili mutaxassislari, tarixchilar, tarjimonlar hamda kitobning muallifi Yunus O‘g‘uz qatnashdi va kitobning yozilish jarayonlari haqida gapirib o‘tdi. Ushbu nashrning bir nusxasi muallifning iltimosiga binoan, Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasiga foydalanish uchun taqdim etilgan. Marhamat ushbu tarixiy romanni Milliy kutubxona o‘qish zallarida o‘qishingiz mumkin.