Joriy yilning 11 sentyabrida Nyu-York shahrida (AQSH) Kitoblarga raqamlar berish ISBN-2013 Xalqaro agentligining yillik hisobot yig‘ilishi o‘z ishini boshladi. Kitoblarga ISBN raqamlarini berish Xalqaro agentligi kitoblarning xalqaro standart raqami (ISBN)ni qo‘llash asosida nashrlarni identifikatsiya qilish masalalari bilan shug‘ullanadi hamda ISBN raqamini qo‘llash tartibi, tuzilishi, tarkibi, yozish shakli, nashrlarda joylashtirish tartibini belgilaydi. Kitoblarning xalqaro standart raqami (ISBN) 1967 yilda Buyuk Britaniyaning J. Whitaker & Sons Ltd kompaniyasi va 1968 yilda AQSHda R.R. Bouker (R.R. Bowker)lar tomonidan joriy qilingan raqamlashtirish tizimiga asoslangan holda ishlab chiqilgan.
Kitoblarning xalqaro standart raqami (ISBN) 1970 yilda xalqaro ISO 2108 standarti sifatida qabul qilinib, 1978 yilda ikkinchi tahrirdan, 1992 yilda uchinchi tahrirdan o‘tkazilgan.
Xalqaro standart ISBN raqamini belgilashdan maqsad, bitta nashriyotga tegishli bo‘lgan kitob yoki nashr nomi uchun foydalanishni muvofiqlashtirish va standartlashtirish hamda mazkur raqamni faqatgina bitta nashrga berilishini ta'minlash. Hozirgi kunda 200 ga yaqin davlat, hududiy agentlik va xalqaro tashkilotlar ISBN Xalqaro agentligining a'zo-ishtirokchilari hisoblanadi.
Yillik hisobot yig‘ilishining birinchi kunida quyidagi masalalarni muhokama qilish ko‘zda tutilgan:
- ISBN Xalqaro agentligi ijrochi direktorining hisobotini tinglash;
- moliyaviy hisobot hujjatlarini ko‘rib chiqish va tasdiqlash (moliyaviy hisobot, 2014 yil uchun badal);
- agentlik Kengashiga keyingi 3 yillik muddatga yangi a'zolarni saylash;
- ISBN Xalqaro agentligining asosiy hujjatlarini qaytadan ko‘rib chiqish rejasini tasdiqlash;
- ishchi guruh tuzish va axborot texnologiyalarini joriy qilgan holda, xalqaro standartni takomillashtirish yuzasidan Xalqaro standartlashtirish tashkiloti bilan o‘zaro hamkorlikni amalga oshirish;
- nashriyotlar, milliy agentliklarning o‘zaro, kutubxona va kitob palatalari bilan hamkorlik qilish borasidagi siyosatini belgilash;
- ISBN Xalqaro agentligining yangilangan saytini ishga tushirish orqali, tasdiqlangan raqamlar haqidagi ma'lumotlarni yig‘ishning yangi usulini tadbiq etish.