Foydali resurslar
2015 yil 10 fevral kuni O‘zbekiston Milliy kutubxonasida o‘zbek mumtoz adabiyotining yirik vakili, shoir, tarixchi, davlat arbobi, mohir sarkarda Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludining 532 yilligi munosabati bilan “Anda jonim qoldi...” deb nomlangan davra suhbati va kitob rasmli ko‘rgazma bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, shoir Shukur Qurbon Bobur hayoti va ijodiy faoliyati haqida gapirib, uning ijodidan g‘azal va ruboiylar o‘qidi.
Tadbirda O‘zMTDP Markaziy Kengashi raisi o‘rinbosari A.H. Eshmurodov, olim, f-m.f.d. prof. Abdulla A’zam, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, tarix fanlar doktori Azamat Ziyo, Xalqaro Amir Temur jamg‘armasi raisi o‘rinbosari, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi To‘lqin Hayit, f.f.d. adabiyotshunos-olim Hamidulla Boltaboyev, hofiz Toirjon Latipov va O‘zbek Milliy akademik drama teatri aktyorlari ishtirok etdilar.
O‘zbekiston Milliy kutubxonasi “Istiqbol” o‘qish zalida o‘zbek mumtoz adabiyotining yirik vakili, shoir, tarixchi, davlat arbobi mohir sarkarda Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludining 532 yilligi munosabati bilan “Andadur joni Boburning...” deb nomlangan kitob-rasmli ko‘rgazma ochildi.
Kitob-rasmli ko‘rgazmada Bobur va Boburiylar hayoti va ijodiga dahldor adabiyotlar, Zahiriddin Muhammad Boburning tanlangan asarlari o‘rin olgan. Ko‘rgazmaga taqdim etilgan kitoblardan tashqari foydalanuvchilar turli yillarda Bobur yubileylariga atab chop etilgan gazeta maqolalari bilan ham tanishish imkoniyatiga ega bo‘ladilar.
2–6 fevralgacha Kataloglashtirish va turkumlashtirish xizmati tomonidan 216 ta yangi nomdagi axborot-kutubxona resurslari qabul qilinib (quydagi sohalar bo‘yicha turkumlashtirildi: siyosat – 38 ta, tibbiyot – 4 ta, texnika – 63 ta, qishloq xo‘jaligi – 17 ta, tabiiy fanlar – 9 ta, badiiy adabiyot - 75), ro‘yxatdan o‘tkazildi. Ularga texnik va ilmiy ishlov berilib, bibliografik tavsifi to‘ldirilib, kitobxonlar foydalanishi uchun kitob fondini va davriy nashrlarni saqlash xizmatiga topshirildi.
33 ta Respublika miqyosida chop etiladigan bosma nashrlarga Kataloglashtirish va turkumlashtirish xizmati KBK (kutubxona bibliografik klassifikatsiyasi) bo‘yicha turkumlashtirdi va bibliografik tavsifi berildi.
O‘zbekiston Milliy kutubxonasida Alisher Navoiyning 574 yillik va Zahiriddin Muhammad Boburning 532 yillik tavalludi munosabati bilan «She’riyatning ikki darg‘asi» deb nomlangan ilmiy-amaliy anjuman bo‘lib o‘tdi.
Ilmiy-amaliy anjumanda Yunusobod tumani Xotin-qizlar ko‘mitasi raisi Nigora Ayudurahimova, Respublika ayollar muammolari eksperti, huquqshunos, f.f.d. Jamila Shermuhammedova, O‘zbekiston Milliy kutubxonasi direktori o‘rinbosari Umida Teshaboyeva, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi Norqul Beknazarov Toshkent shahar maktab, kollej va akademik litseylari iqtidorli o‘quvchilari ishtirok etdilar. Mazkur tadbir Toshkent shahar xokimiyati bilan hamkorlikda o‘tkazildi.
O‘zbekiston Milliy kutubxonasi fondi “Bobur va boburiylar bibliografiyasi” deb nomlangan kitob bilan to‘ldirildi. Mazkur kitob “Andijon nashriyot-matbaa” MChJ tomonidan 478 bet hajmida chop etildi. “Bobur va boburiylar bibliografiyasi” kitobi Zahiriddin Muhammad Boburning 530 yilligiga bag‘ishlangan bo‘lib, Sh.Sh.Rustamxo‘jayev va Z.Sh.Berdiyevalar tomonidan Bobur nomidagi Xalqaro jamoat fondi ko‘magida chop etildi.
Mazkur bibliografiyaning yaratilishida Respublikamizda va xorijda nashr qilinadigan 200 dan ortiq nomdagi vaqtli matbuot nashrlaridan, turli mavzudagi Bobur hayoti va ijodiga dahldor kitoblar, ilmiy maqolalar, ma’ruzalar va shu kabilardan foydalanildi. Tuzuvchilar mamlakatimizdagi Kitob palatasi, axborot-kutubxona markazlari va Rossiyadagi yirik kutubxonalarida mavjud kataloglar, kartoteka va kutubxona resurslaridan foydalandilar.