2013 yil 10-11 iyun kunlari Milliy kutubxonada «Zahiriddin Muhammad Boburning jahon madaniyati tarixida tutgan o'rni» mavzusidagi Xalqaro konferensiya bo'lib o'tdi. -
Bo`limga qaytish
11.06.2013
Har bir xalqning tarixiy, madaniy-milliy qiyofasini aniq belgilovchi ulug' shohlari, buyuk olimlari, yirik adib va shoirlari bo'ladi. Insoniyatning abadiyotga mansub ana shunday buyuk farzandlari safida Zahiriddin Muhammad Bobur ham o'z o'rniga ega. Kishilik tarixida Boburchalik shaxsiy imkon, iqtidor va fazilatlari beqiyos kishilar juda kam uchraydi. Bobur — buyuk podshoh, mumtoz shoir, nazariyotchi adabiyotshunos, faqih, tilshunos, san'atshunos, etnograf, hayvonot va nabotot olamining bilimdoni sifatida ko'pqirrali faoliyat va ijod sohibi edi. Birgina «Boburnoma» uning yigirmadan ortiq sohalarga qiziqqanligiga yaqqol misoldir.
Bobur O‘zbekiston mustaqillikka erishgandan so‘ng o‘z yurtida yuksak qadr-qimmat topdi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmoniga ko‘ra 1993 yilda Bobur tavalludining 150 yilligi tantanali nishonlandi. O‘zbekiston Fanlar Akademiyasining Bobur nomidagi medali ta'sis etildi. Sharqshunos olim Ubaydulla Karimov bu medalning birinchi sovrindori bo‘ldi. Andijonlik tabiatshunos olim Zokirjon Mashrabov rahbarlik qiladigan Bobur nomli Xalqaro jamoat fondi Bobur hayoti va merosini o‘rganishda katta ishlarni amalga oshirdi. Bobur va boburiylar qadamjolari, ularning ilmiy merosiga oid ma'lumotlar to‘plab, ularni ilmiy iste'molga kiritdi. Mazkur ma'lumotlar asosida ilmiy, hujjatli, badiiy asarlar yaratildi.
Yurtimizda va dunyoning ko'plab mamlakatlarida Boburni o'rganish, uning asarlarini tadqiq etish yuzasidan qator ishlar amalga oshirib kelinmoqda. Shu jumladan 2013 yilning 10-11 iyun kunlari Alisher Navoiy nomidagi O'zbekiston Milliy kutubxonasida Bobur nomli Xalqaro jamoat fondi bilan hamkorlikda «Zahiriddin Muhammad Boburning jahon madaniyati tarixida tutgan o'rni» mavzusida Xalqaro konferensiya bo'lib o'tdi. Unda Germaniya, Yaponiya, Misr, Pokiston, Hindiston, Rossiya, Vengriya, Qozog'iston, Turkiya, Turkmaniston, Ozarbayjon, Qirg'iziston kabi mamlakatlardan 20 dan ortiq qatnashchilar va yurtdoshlarimiz ishtirok etdilar.
Konferensiyaning birinchi kunida yalpi majlis bo'lib o'tdi. Unda O'zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o'rinbosari Adham Ikromov, Bobur xalqaro jamoat fondi raisi Zokirjon Mashrabov, Yaponiyalik professor Eyji Mano, Alisher Navoiy nomidagi Davlat adabiyot muzeyidan akademik Aziz Qayumov, Germaniya Turkologiya instituti professori Klaus Shonig, Misrning Ayn Shams universiteti professori Magda Maxluf, Pokistonning Karachi universiteti professori Foiza Zahro Mirza, Hindistonlik professor Mansura Haydar, Bobur xalqaro jamoat fondidan Abdulla A'zamov, Omonullo Bo'riyev, Qodirjon Ergashev, Otabek Jo'raboyev, Vahob Rahmonov, Botir Yo'ldoshev so'zga chiqdilar. Shundan so'ng Xalqaro Bobur mukofotini topshirish marosimi bo'lib o'tdi.
Konferensiya 10-11 iyun kunlari o'z ishini 3 ta sho'bada davom ettirdi.
Birinchi sho'ba «Zahiriddin Muhammad Bobur davri tarixi, etnografiyasi, madaniyati va san'ati» deb nomlangan bo'lib, unda 32 ta ma'ruza tinglandi.
Ikkinchi sho'ba «Zahiriddin Muhammad Bobur: adabiyotshunoslik, tilshunoslik, manbashunoslik va tarjimashunoslik masalalari» deb nomlangan bo'lib, unda 29ta ma'ruza tinglandi.
Uchinchi sho'bada 12 ta ma'ruza tinglandi.
11 iyun kuni konferensiyaning yopilish yakuniy majlisi bo'lib o'tdi va unda rezolyutsiyalar qabul qilindi. Shundan so'ng konferensiya o'z ishini yakunladi.
Konferensiya so'ngida xorijiy mehmonlar uchun Milliy kutubxona bo'ylab ekskursiyalar uyushtirildi.
