Milliy kutubxonada Amir Temur tavalludi kuniga bag’ishlangan “Amir Temur– buyuk davlat asoschisi” mavzusida tadbir bo’lib o’tdi - Bo`limga qaytish
10.04.2013
Sohibqiron Amir Temur buyuk tarixiy shaxs, o‘rta asrning yirik davlat arbobi, buyuk sarkarda, kuchli va markazlashgan davlat asoschisi, ilm-fan va madaniyat homiysidir.
Amir Temur mustaqil markazlashgan davlat harbiy doktrinasini ishlab chiqqanligi uning buyuk sarkardaligidan dalolatdir. Buyuk sarkardaning harbiy san’ati sirlari, uning harbiy saboqlarini mustaqil O'zbekistonimizda va hatto boshqa yirik mamlakatlarda o'rganilishi fikrimizning isbotidir.
Milliy kutubxonada Sohibqiron, buyuk sarkarda Amir Temur tavalludi kuniga bag’ishlangan “Amir Temur – buyuk davlat asoschisi” mavzusida ma’naviy-ma’rifiy tadbir bo’lib o’tdi. Alisher Navoiy nomidagi O`zbekiston Milliy kutubxonasi hamda O’zbekiston yozuvchilar uyushmasi tomonidan tashkillashtirilgan ushbu tadbirda harbiylar, olimlar, Barovskiy nomidagi tibbiyot kolleji o’quvchilari, ijod namoyondalari ishtirok etdilar.
Davlatimiz rahbari I.Karimov tashabbuslari bilan Mustaqillik yillarida Sohibqiron Amir Temur hayoti va ijodi, davlatni boshqarish, adolatli siyosat yuritishdagi prinsiplari borasidagi bilimlarni chuqurroq o’rganishga katta ahamiyat qaratildi. Donolik, mardlik va to’g’riso’zlik, davlatni adolatli boshqarishi, farzandlarni milliy ruhda tarbiyalash, ilm-fan va ma’naviy dunyoqarashlarning rivojlanishiga alohida e’tiborni uning siymosida ko’rish mumkin.
Amir Temurning 677-yillik tavalludiga bag’ishlangan tadbirda bu mavzuga alohida e`tibor qaratildi.
Kechani O`zbekiston Milliy kutubxonasi direktor o`rinbosari Alisher Ishmatov ochib berdi. Tadbirda O`zbekistonda xizmat ko`rsatgan madaniyat arbobi, yozuvchi To`lqin Hayit, O`zbekiston Respublikasi xalq ta`limi vazirligi tasarrufidagi “ZiyoNet” axborot-resurs markazi bosh mutaxxasisi Gulchehra Ibragimova, shoir Shukur Qurbon ishtirok etib, davlatimizda olib borilayotgan islohotlar natijasida Sohibqiron Amir Temur hayoti va uning davlat boshqaruvidagi siyosati, o`zbek davlatining barpo bo`lishida qilgan buyuk ishlarining tarixini o`rganish borasida keng qamrovli ishlar olib borilayotganligi haqida gapirib o`tdilar. Tadbirda yig’ilganlarga mutaxassislar tomonidan Amir Temurning siyosiy va jamiyat hayotidagi ijtimoiy tajribalari haqida ilmiy-tadqiqiy ma’lumotlar berildi. Tadbir so`ngida Amir Temur haqida viktorina bo`lib o`tdi va Milliy kutubxona tomonidan viktorina g'oliblariga, shuningdek barcha ishtirokchilarga esdalik sovg`alari taqdim etildi.