Milliy kutubxonada “Navro‘z - yangilanish va yasharish” bayrami munosabati bilan tadbir bo‘lib o‘tdi -
Bo`limga qaytish
20.03.2013
Bahor - fasllar gulshani, uyg‘onish fasli. Butun borliq, ona tabiat barq urib yashnaydi, yangilanadi. Tirik jonzot borki yangi kunning tug‘ilishidan bahra oladi, zavqlanadi. Bizning tabarruk xalqimiz ham Navro‘z bayramini, ya'ni yangi kunning tug‘ilishini aynan bahor faslida nishonlashi bejiz emas. Navro`z - bahor, yangi yil bayrami. “Navro`z” atamasi ikki fors so‘zidan tashkil topgan bo‘lib “nav” - yangi, “ro‘z” - kun ya'ni yilnig birinchi kuni degan ma'nolarni bildiradi. Bu bayramni bir necha ming yilliklardan beri nishonlab keladilar. Navro‘z - xalqimizning eng ommaviy va go‘zal bayramidir. Navro‘z O‘zbekistonda bahor va mehnat bayrami hisoblanib, bahor faslining boshlanishida o‘tadi.

An'analarga ko‘ra, Navro‘z ayyomi arafasida kishilar ma'lum bir shartlarni bajarishlari lozim bo‘lgan. Ya'ni ko‘cha va hovlilarni tartibga keltirish, hasharlarda ishtirok etish, ariq va zovurlarni tartibga keltirish, daraxtlarni qurigan shox-shabbalardan tozalash va oqlash, ko‘chat hamda gullar o‘tqazish, hushchaqchaq va shodumon yurish, bir-birlariga yaxshi niyatlar tilash, urushgan kishilar bilan yarashish kabi shartlarni bajarishlari lozim bo‘lgan. Ajdodlarimiz asrlar davomida to‘plagan xalq an'analari, urf-odatlari va marosimlarida yer, suv, havo, o‘simlik va hayvonot dunyosiga ehtiyotkorona munosabatda bo‘lishga rioya qilganlar.
Qadimdan Navro‘z bayramida sayllar, bayramona tomoshalar, otlar poygasi, xo‘rozlar va itlar jangi o‘tkazilgan. Bayramni nishonlashning asosiy udumi sumalak tayyorlash hisoblanib bu lazzatli taom o‘choqda undirilgan bug‘doy va undan tayyorlanadi. Undirilgan bug‘doy farovon hayot, mo‘l-hosil va salomatlik ramzi hisoblanadi. Sumalakni hamjixatlikda va xursandchilikda tayyorlash kerak. Sumalak tagiga olmasligi uchun qozonga bir nechta toshlar va yong‘oqlar tashlangan va kimning idishida tosh yoki yong‘oq chiqsa uning barcha orzulari ro‘yobga chiqadi deb ishonishgan. Sumalak qaynagani sari uning mazasi shirinlashib boravergan garchi unga umuman shakar solinmagan bo‘lsa ham.
Respublikamizning turli hududlarda Navro`z bayrami keng nishonlanib kelmoqda. Shu jumladan Alisher Navoiy nomidagi O’zbekiston Milliy kutubxonasi anjumanlar zalida Navro`z bayrami munosabati bilan tadbir bo`lib o`tdi. Tadbirda O`zbekiston xalq yozuvchisi Xudoyberdi To`xtaboyev, Milliy universitet dotsenti Abdumurod Tilamov, O`zbekiston xalq artisti Hasan Rajabiy, O`zbekiston yozuvchilar uyushmasi a`zosi, O`zbekiston Milliy universiteti o`qituvchisi To`ra Mirzo, Barovskiy nomidagi tibbiyot kolleji madaniyat kolleji o`quvchilari 55162-harbiy qism harbiylari va ularning oila a`zolari qatnashdilar.

Milliy kutubxona direktor o’rinbosari Alisher Ishmatov tadbirni ochib berdi va yig’ilganlarga bayram tabrigi, samimiy tilaklari bilan murojaat etdi. Sevimli shoirimiz Shukur Qurbon o’zining bahor, sevgi haqidagi she`rlari bilan tabriklaganda esa barchaning ko’ngli shodlikka to’ldi. Xalqimizning sevimli yozuvchisi Xudoyberdi To`xtaboyev yoshlarga Navroz shodiyonalarida bo`lib o`tadigan qadimiy urf –odatlarimiz haqida gapirib o`tdi.
Tadbir yakunida viktorina bo’lib o’tdi va g’oliblar sovg’alar bilan taqdirlandilar.