Foydali resurslar
29.06-03.07 iyulgacha Kataloglashtirish va turkumlashtirish xizmati tomonidan 166 ta yangi nomdagi axborot-kutubxona resurslari qabul qilinib (quydagi sohalar bo‘yicha turkumlashtirildi: siyosat - 25 ta, ta'lim va pedagogika - 4 ta, tabiiy fanlar - 9 ta, badiiy adabiyot - 69 ta, tilshunoslik - 4 ta, adabiyotshunoslik - 6 ta, tibbiyot - 23 ta, qishloq xo‘jaligi - 5 ta, texnika - 16 ta, san'at - 5 ta ) ro‘yxatdan o‘tkazildi. Ularga texnik va ilmiy ishlov berilib, bibliografik tavsifi to‘ldirilib, kitobxonlar foydalanishi uchun Kitob fondi va davriy nashrlarni saqlash xizmatiga topshirildi.
Germaniya Davlat kutubxonasi O‘zbekiston Milliy kutubxonasiga “Тюркские рукописи Королевской библиотеки Берлина” (“Berlin Qirollik kutubxonasidagi turk qo‘lyozmalari”) katalogini taqdim etdi. 1889 yilda „A.Asher & CO” nashriyoti tomonidan chop etilgan. Katalog XI asrdan boshlab qayd etilgan manbalar xronologik tartibda berilgan.
Katalogda muallif Vilxelm Perch har bir asarning qisqacha xarakteristikasini, uning Qirollik kutubxonasida joylashgan joyi va ular boshlangan kalit so‘zlarni bergan. Unda arab va fors so‘zlari turkiy tilda talaffuz qilinishicha berilgan.
Katalog mazmunining ensiklopediya, bibliografiya, huquq, din, falsafa, maqollar, san’at, kosmografiya, geografiya, matematika, astronomiya, siyosat, statistika, botanika, nazm, nasr mavzulariga bo‘linishi qidirilayotgan materialning tez topilishini ta’minlaydi.
O‘zbekiston Milliy kutubxonasiga “Migratsiya, mehnat va xavfsizlik” jurnalining nashrlari kelib tushdi. Jurnal xorijda mehnat faoliyatini qonuniy amalga oshirish niyatida bo‘lgan O‘zbekiston fuqarolari uchun mo‘ljallangan. Xorijda mehnat faoliyatini amalga oshirish niyatida bo‘lgan aksari O‘zbekiston fuqarolarini qanday qilib buni qonun doirasida amalga oshirish mumkinligi, ular shartnoma tuzgan agentlik qay darajada ishonchli ekanligi va Vatandan yiroqda ularning huquqlari qay darajada kafolatganligini bilishni xohlaydilar.
Jurnal fuqarolarni xorijda mehnat faoliyatini qonuniy amalga oshirishi to‘g‘risidagi Nizom, noqonuniy migratsiyaga qarshi kurashga bag‘ishlangan xalqaro kelishuvlar, me’yoriy-huquqiy hujjatlar bilan, agentliklar taqdim etayotgan ijtimoiy, mehnat va boshqa kafolatlar va xususiy mehnat shartnomalari orqali xorijda mehnat faoliyatini qonuniy amalga oshirish huquqini beruvchi ruxsatnomani olish yul-yuriqlari bilan tanishtiradi.
Maktab o‘quvchilarining yozgi ta’til kunlarida O‘zbekiston Milliy kutubxonasi qoshida faoliyat yuritayotgan chet tillarni rivojlantirish va targ‘ib etish markazi - «Your school» tomonidan bolalar uchun ingliz tili darslari tashkil etildi.
Darslarni Markaz o‘qituvchisi Sevinch Xudoyorova olib boradi, Kamola va Farangiz Lafasovalar esa unga yaqindan ko‘mak berishmoqda. 6 yoshdan 11 yoshgacha bo‘lgan bolalar bilan o‘tkazilayotgan mashg‘ulotlar ularda asosiy ko‘nikma va malakalarni shakllantirishga yo‘naltirilgan, maxsus ishlab chiqilgan dastur asosida tashkil etilgan. Mazkur dastur asosida olib borilgan darslar natijasida bolalar birinchi darsdayoq ingliz tilida muammosiz chiroyli va to‘g‘ri gapirish ga o‘rganmoqdalar.
2015 yil 2 iyul kuni O‘zbekiston Milliy kutubxonasida O‘zbekiston Respublikasining Davlat Gerbi tasdiqlangan kunga bag‘ishlangan kitob-rasmli ko‘rgazma ochildi. Davlat ramzi – bu mustaqil davlat belgisidir. U davlat bayrog‘i, davlat gerbi, davlat madhiyasi, mamlakat milliy valyutasi, mamlakat Konstitutsiyasida va muhim qaror hamda an’analarda o‘z ifodasini topadi.
O‘zbekiston o‘z mustaqilligining birinchi yilidayoq Davlat gerbiga ega bo‘ldi. O‘zbekiston Respublikasining Davlat gerbi – mamlakatimiz davlat mustaqilligining ramzlaridan biridir. U 1992 yil 2 iyul kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining X sessiyasida tasdiqlandi. “O‘zbekiston Respublikasining fuqarolari, shuningdek O‘zbekistonda turgan o‘zga shaxslar O‘zbekiston Respublikasining Davlat gerbini hurmat qilishlari shart. O‘zbekiston Respublikasining Davlat gerbini behurmat qilganlik O‘zbekiston Respublikasi qonunlarida belgilangan tartibda jazolanadi” (“O‘zbekiston Respublikasining Davlat gerbi to‘g‘risida”gi Qonunning 8-moddasi). Bugun O‘zbekistonimizni jahonning turli burchaklarida gerbiga qarab ham tanishadi.Tamg‘amizdagi har bir chiziq, har bir rang, har bir belgida muayyan ramziy ma’no bor.
2015 yil 1 iyul kuni O‘zbekiston Milliy kutubxonasida fiziolog olim, O‘zbekiston FA akademigi, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan fan va texnika arbobi Ahmad Yunusov tavalludining 105 yilligiga bag‘ishlangan kitob-rasmli ko‘rgazma ochildi.
Ahmad Yunusov 1910 yil 1 iyul kuni Toshkentda tug‘ilgan. O‘z ilmiy izlanishlarida u O‘rta Osiyo paxtachilik va ipakchilik institutida, Toshkent pedagogika institutida, farmasevtika va tibbiyot institutlari fiziologiya kafedralarida, zooligiya va parazitologiya instituti (hozirgi fiziologiya instituti)da o‘tkazgan ilmiy tadqiqotlari natijalarini aks ettirgan.