O‘zbekiston Milliy kutubxonasida “Baxtli ota-ona - baxtli bolalar” dasturi doirasida seminar bo‘lib o‘tdi -
Bo`limga qaytish
16.03.2016
2016 yil 16 mart kuni O‘zbekiston Milliy kutubxonasi “Oila va bola taaqqiyoti markazi” loyihasi doirasida ota- onalarga farzand tarbiyasida ko‘maklashish, ularga psixologik tavsiyalar berish maqsadida tuzilgan “Baxtli ota-ona - baxtli bolalar” dasturining navbatdagi seminari bo‘lib o‘tdi.
Ushbu seminar tarbiya usullari, ota-onanlarning vazifalari va oila modellari mavzulariga bagishlangan bo‘lib, uni ruhshunos O.E.Avanesova olib bordi. Seminarda ruhshunoslar, tarbiyachilar va ota-onalar oilada kattalar va bolalar o‘rtasidagi munosabatlarga nisbatan qarashlarini bildirdilar va ularni muhokama qildilar.
Tadbir olib boruvchisi ruhshunos O.Avanesova ishtirokchilarga tarbiyaning eng muhim modellari sanalmish “Tor yo‘lak”, “Pedagogik shizofreniya”, “Tabiiy ravishda kechadigan tarbiya”, “Oqilona cheklovlar”, “Taraqqiyot chizig‘i” modellari haqida tushuncha berdi, shuningdek, tabiiy ravishda kechadigan tarbiyaning turlari bilan tanishtirdi va ularni ilmiy tavsifladi. Seminar qatnashchilari tarbiyada taqiqlangan va ijozat berilgan amallar, tarbiya haqida an’anaviy tushunchalar va urfga kirgan tendensiyalar haqida munozara yuritib, o‘zlari qo‘llaydigan tarbiya modeliga baho berdilar. Qatnashchilar tarbiya tiplari bo‘yicha guruhlarga bo‘linib, o‘z fikrlarini bayon etdilar, bolalar bilan munosabatlarda yuzaga keladigan muammo va qiyinchiliklarni hal qilishning usullarini taklif etdilar, ushbu muammo va qiyinchiliklarni hal qilishda zurur bilimga ega bo‘lish muhim ekanligini qayd etdilar.
Tarbiyaning konsepsiyalari haqida so‘z yuritar ekan, ruhshunos O.Avanesova tarbiyada katta ahamiyat kasb etadigan omillardan hisoblangan, uning maqsad, mazmun, tamoyillar, usullar, shakl va shart-sharoitlar kabi asosiy tarkibiy qismlariga ta’rif berdi.
Seminar qatnashchilariga mavzu bo‘yicha tarqatma materiallar ulashildi. Seminar so‘ngida ishtirokchilar mashg‘ulotdan, hususan, guruhlarda o‘zaro hamkorlikdagi ishdan olgan taassurotlari haqida o‘rtoqlashdilar va qiziqarli mavzu va mazmunli seminar uchun tashkilotchilarga minnatdorchilik bildirdilar.
O‘zbekiston Milliy kutubxonasi matbuot xizmati.