O‘zbekiston Milliy kutubxonasida “Qadaminga hasanot Navro‘z” nomli kitob-rasmli ko‘rgazma ochildi -
Bo`limga qaytish
15.03.2016
O‘zbekiston Milliy kutubxonasida umumxalq bayrami Navro‘z tarixi, u bilan bog‘liq milliy udumlar va urf-odatlar bilan tanishtiruvchi “Qadaminga hasanot Navro‘z” nomli kitob-rasmli ko‘rgazma ochildi.
Navro‘z bayrami juda qadimiy bayram sanaladi. Tarixchilarning fikricha, bu bayramning tarixi qariyb 3 ming yildan ziyod. Navro‘z asosan bahoriy teng kunlik kuni nishonlanadi. Navro‘z - tabiat uyg‘onishi ramzi, yangilanish, yasharish fasli, bu kunda qayta tiklanib, yangicha tus olgan xalqimizning qadimiy urf-odatlari, milliy an’analarimiz, turfa marosimlar namoyish etiladi. Shu tariqa milliy meroslarimiz avlodlar qalbiga singib boradi. Navro‘z bayrami elimizda obodlik, tinchlik-totuvlik, millatlaro ahillik, bag‘rikenglik ramzi, qalblarimizda ezgulik uyg‘otadigan haqiqiy sharqona bayram sifatida nishonlanadi. Mustaqillik yillarida Navro‘z umumjahon bayrami sifatida tan olindi. 2009 yilda esa Navro‘z bayrami YuNESKO tomonidan insoniyatning nomoddiy madaniy merosi ro‘yxatiga kiritildi.
“Qadaminga hasanot, Navro‘z” nomli kitob-rasmli ko‘rgazmada Navro‘z milliy bayramining qadim tarixi, milliy qadriyatlarimiz bilan bog‘liq jihatlari, madaniy-ma’rifiy hayotimizda tutgan o‘rni, unig o‘ziga xosligi haqida hikoya qiluvchi kitoblar, jurnallar va risolalar taqdim etilgan. Ko‘rgazmadan joy olgan rasmlarda tabiatning uyg‘onishi, bahorning kelishi, bayram tantanalari, xalq sayllari, bayram toamlari tayyorlanish jarayoni, xalq musobaqalari va bshq. muhrlangan.
“Navro‘znoma”, “Navro‘z”, “Navro‘z dasturxoni” kitoblari ko‘rgazmaga tashrif buyuruvchilarga bayram tarixi va asl Navro‘z taomlari haqida hikoya qilsa, “O‘zbek udumlari”, “O‘zbekiston bayramlari”, “Navro‘z tarixidan lavhalar”, “Navro‘z naqli”, “Bahor bayramlari. Navro‘z hikmatlari. Navro‘z dasturxoni”, “Navrhz haftanomasi”, “Navro‘z va tabiat sirlari” va “Bayralarimiz” kitoblari milliy qadriyatlarimiz va o‘zbek xalqining ijtimoiy taraqqiyoti, xalq bayramlarining ma’naviy ahamiyati va Navro‘z xikmatlari bilan tanishtiradi. Shuningdek ko‘rgazmada Navro‘z haqida she’riy to‘plamlar, bayram ssenariylari va reportajlar o‘rin olgan.
O‘zbekiston Milliy kutubxonasining “Qadaminga hasanot, Navro‘z” nomli kitob-rasmli ko‘rgazmasiga tashrif buyurgan kutubxona foydalanuvchilari bayram to‘g‘risida atroflicha ma’lumot oladilar va Navro‘z bayrami to‘g‘risida O‘zbekiston Milliy kutubxonasida mavjud rasmlarga, tarixiy va ensiklopedik ma’lumotlarga boy o‘zbek, rus va ingliz tillaridagi kitoblar bilan tanishadilar.
O‘zbekiston Milliy kutubxonasi matbuot xizmati