O‘zbekiston Milliy kutubxonasida “Yoshlarda media va axborot madaniyatini shakllantirish” mavzusida davra suhbati bo‘lib o‘tdi -
Bo`limga qaytish
10.03.2016
2016 yil 10 mart kuni O‘zbekiston Milliy kutubxonasida “Yoshlarda media va axborot madaniyatini shakllantirish” mavzusida O‘zbekiston Milliy kutubxonasi “YS – your school” ingliz tili so‘zlashuv klubining davra suhbati bo‘lib o‘tdi. O‘zbekiston Milliy kutubxonasi qoshida tashkil etilgan chet tillarni ommalashtirish va rivojlantirish markazi “YS – your school” tomonidan tashkil etilgan tadbirda ingliz tili so‘zlashuv klubining doimiy a’zolari va kutubxona foydalanuvchilari ishtirok etdilar.
«Your school» markazi spikerlari Orifjon Toshtemirov va Temur Umarovlar yoshlar bilan Internet tarmog‘ining foydali va zararli tomonlari, hozirgi kunda dolzarb mavzu - yoshlarni nosog‘lom axborotlardan himoyalash zarurligi, ularning ma’naviy-ma’rifiy tarbiyasiga zid tarmoqlarning salbiy ta’siri va yoshlarda paydo bo‘layotgan Internet tobeligi haqida suhbatlashdilar. Shuningdek, ular internet orqali amalga oshirilayotgan tahdidlar, yoshlar ongiga salbiy ta’sir etayotgan buzg‘unchi g‘oyalar va “ommaviy madaniyat” niqobi ostidagi madaniyatsizlikning salbiy oqibatlari haqida aniq dalillar va hayotiy misollar asosida mushohada etdilar.
Suhbat qatnashchilari Internetning zararli axborot, ularning yoshlarning ongiga salbiy ta’siri va kompyuter o‘yinlarining zo‘ravonlik, agressiv, erotik, yovuz va nosog‘lom xarakterlarini izohladi, axborot xurujlarining yoshlar ma’naviyatiga ta’siri, ijtimoiy tarmoqlarning havfi muammolari, kabi salbiy jihatlari bilan bir qatorda uning kerakli ma’lumotlarni qidirishda vaqt va pul tejalishi imkoniyatlari, dunyoning turli kutubxonalarida saqlanuvchi resurslarga kirish va ularni mutolaa qilish imkoniyati, olisda yashovchi yaqin insonlar bilan muloqot qilish kabi ijobiy imkoniyatlari haqida gaplashdilar. “Hozirgi zamonda hayotimiz, o‘qish va biznesni Internetsiz tasavvur qilish mushkul. Bu nafaqat elektron pochta orqali xat almashinuvi, balki turli ma’lumotlar, manbalar va mahsulotlarning ommabopligini ta’minlaydi”, deb o‘z fikrini bildirdi F.Mahmudova.
«Your school» markazi spikeri T.Umarov ijtimoiy tarmoklar haqida suhbat borar ekan, yoshlar etiborini milliy domenda faoliyat yuritayotgan va o‘zbek yoshlari orasida etibor qozongan muloqot.uz, sinfdosh.uz, tengdosh.uz, milliy.uz, vsetut.uz kabi tarmoqlariga qaratdi. Shuningdek, u hozirgi kunda milliy bloglar va blogerlarning tavsiya etilgan saytlarga yoshlarni jalb qilishdagi roli hakida gapirdi.
Ingliz tilida o‘tgan suhbatning qatnashchilari o‘z fikrlari va dalillarini bayon etish imkoniyatiga ega bo‘ldilar va o‘zlarini qiziqtirgan barcha savollarga javob oldilar.
O‘zbekiston Milliy kutubxonasimatbuot markazi