O‘zbekiston Milliy kutubxonasida estrada xonandasi Shuhrat Daryo bilan ijodiy uchrashuv bo‘lib o‘tdi -
Bo`limga qaytish
05.03.2016
2016 yil 5 mart kuni O‘zbekiston Milliy kutubxonasida estrada xonandasi Shuhrat Daryo bilan ijodiy uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Tadbirda san’atshunos olimlar, shoirlar, bastakorlar, musiqachilar va kutubxona foydalanuvchilari ishtirok etdilar.
Tadbir boshlovchisi jurnalist J.Jovliev xonanda Shuhrat Daryo ijodining o‘ziga xos jihatlari, uning o‘zbek estradasida tutgan o‘rni, qozongan muvaffaqiyatlarini alohida ta’kidlab o‘tdi. “Shuhrat Daryo shifokor kasbini egallagan bo‘lsada, ko‘p yillar mobaynida gitara chalar, mashhur qo‘shiqchilarning qo‘shiqlarini ijro etib kelardi”.
Xonanda Shuhrat Daryo o‘zining musiqaga bo‘lgan qiziqishlari va hamisha qalb torlarini junbushga keltirgan so‘zlarga musiqa bastalashga vaqt ajrata olgani haqida so‘zlab berdi. “Men ma’naviy boy va ijodiy muhitda katta bo‘lganman. Musiqa mening hayotimdagi asosiy qiziqishim bo‘lib qoldi. Men kayfiyatim yo‘qligida ham, chog‘ligida ham, do‘stlar davrasida, talabalar konsertlarida va musiqiy tanlovlarda kuylardim. Tibbiyot sohasida 15 yil faoliyat yuritsam ham men musiqadan uzoqlashmas edim. Men meni qo‘llab-quvvatlaganlari uchun va menga ishonganlari uchun o‘z yaqinlarim, do‘stlarim, ustozlarimdan minnatdorman”, dedi xonanda va kutubxonaning barcha xotin-qizlariyu ijodiy kecha qatnashchilarini bahor ayyomi bilan qutladi, ularga mustaxkam sog‘lik, bahoriy kayfiyat va ayol baxti tiladi, shuningdek, "Shabboda”, “So‘zlasang”, “Lolaqizg‘aldok”, “Yurak” va bshq. qo‘shiqlarini armug‘on etdi.
Tadbirda shoir Shukur Qurbon so‘zga chiqib, Shuhrat Daryoning qo‘shiqlarning so‘zlariga talabchanligiga alohida urg‘u bergan bo‘lsa, shogirdlari A.Tovmurodov va Toshkent davlat san’at va madaniyat instituti talabasi Sh. Ostonbekov ustozlari bilan hamkorliklari, uning ustoz sifatidagi xislatlari haqida so‘zlab berdilar va o‘z repertuarlaridan qo‘shiqlar kuylab berdilar.
Suhbat tarzida o‘tgan ijodiy uchrashuvda ishtirokchilar xonanda Shuhrat Daryoga gitarada o‘ynashni boshlagan davrlari, hozirgi zamonaviy o‘zbek estradasiga munosabatlari, ba’zi muhlislar qalbidan joy olgan qo‘shiqlarning tarixi, repertuaridagi eng sevimli qo‘shig‘i va qaysi estrada xonandasi bilan duet kuylamoqchiligi borasida savollar bilan murojaat etib, keng qamrovli va batafsil javoblar oldilar. Shuningdek, tadbir qatnashchilari O‘zbekiston Milliy kutubxonasiga tashkil etilgan ijodiy kecha uchun minnatdorchilik bildirdilar.
O‘zbekiston Milliy kutubxonasi matbuot xizmati