O‘zbekiston Milliy kutubxonasida “Baxtli ota-ona -baxtli farzandlar” mavzusida seminar bo‘lib o‘tdi -
Bo`limga qaytish
04.03.2016
“Sog‘lom ona va bola yili” Davlat dasturini amalga oshirish maqsadida O‘zbekiston Milliy kutubxonasida “Oila va bola taraqqiyoti markazi” nomli loyiha ishlab chiqildi. Loyihaning maqsadi har bir oila farovonligi va yurtimizda tinchlik va osoyishtalikning muhim shartlari sifatida, oilalarda sog‘lom ma’naviy muhitni yuzaga keltirish, ota-ona va farzandlar o‘rtasida o‘zaro bir-birini tushunish, hurmat va mehr-muhabbatga asoslangan munosabatlarni shakllantirishdan iboratdir.
Munozara tarzida o‘tadigan to‘garak voyaga yetgan farzandlarni tarbiyalayotgan ota-onalar, farzand ko‘rishni rejalashtirayotgan er-xotinlar hamda tarbiya masalalari bilan qiziqayotgan yosh o‘g‘il-qizlarga mo‘ljallangan.
2016 yil 3 martda O‘zbekiston Milliy kutubxonasi qoshidagi “Oila va bola taraqqiyoti markazi” loyihasi doirasida “Baxtli ota-ona - baxtli farzandlar” loyihasining birinchi moduli seminari bo‘lib o‘tdi. Seminar mavzusi “Ota-onaning uzoqni ko‘ra olishi? - tarbiya strategiyasi: farzandlarimizga qanday eng muhim narsalarni o‘rgatmog‘imiz lozim?” deb nomlanib, unda ota-onalar va kutubxona foydalanuvchilari ishtirok etishdi.
Bahs va munozara tarzida bo‘lib o‘tgan mashg‘ulot psixolog Olga Eduardovna Avanesova tomonidan olib borildi. Ota-onalar farzand tarbiyasidagi asosiy maqsadlar va bu maqsadlarga erishish metodlari haqida to‘liq ma’lumot oldilar. Ishtirokchilar to‘rt guruhga bo‘linib, qanday alomatlar insonning baxtliligiga ishora bo‘lishi, farzandlarimizga qanday muhim narsalarni o‘rgatish lozimligi haqida bahs-munozara yuritib, har bir ota-ona orzusidagi “ideal bola” portretini tasvirlashdi.
Mashg‘ulot ishtirokchilari tarbiya jarayonida yuzaga keladigan muammolar haqida fikr almashishdi, “baxtli oila” va “ideal farzand” tushunchalari borasida o‘zaro bahslashishdi, ko‘plab foydali ma’lumotlar, shuningdek, muhokama qilangan mavzu bo‘yicha tarqatma materiallar olishdi.
Mashg‘ulot qatnashchilari ushbu tadbirni tashkil etgani uchun O‘zbekiston Milliy kutubxonasiga va kreativ tarzda olib borilgan mag‘ulot uchun moderator-psixolog Olga Avanesovaga o‘z minnatdorchiliklarini izhor etishdi.
O‘zbekiston Milliy kutubxonasi matbuot xizmati