O‘zbekiston Milliy kutubxonasida “To‘qtag‘ul: qo‘shiqqa evrilgan, kuylarga to‘kilgan umr” kitobi tarjimasining taqdimoti bo‘lib o‘tdi -
Bo`limga qaytish
01.03.2016
2016 yil 1 mart kuni O‘zbekiston Milliy kutubxonasida “To‘qtag‘ul: qo‘shiqqa evrilgan, kuylarga to‘kilgan umr” kitobi tarjimasining taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Taqdimotda turkiyshunos olimlar, tilshunoslar, tarjimonlar, adabiyotshunoslar va kutubxona foydalanuvchilari ishtirok etdilar.
Anqara universiteti Til tarixi va geografiya fakulteti professori Gulzura Jumakunova rahbarligida bir guruh turkiyshunos-tarjimonlar tomonidan nashr ettirilgan makur kitobni qirg‘iz tilidan filologiya fanlari nomzodi, dotsent Zuhriddin Isomiddinov tarjima qilgan. Bag‘ishlov-kitob qirg‘iz xalqining ulug‘ oqini To‘qtag‘ul tavalludining 150 yilligiga bag‘ishlangan bo‘lib, “Eskishahar” Turkiya Madaniyat markazi agentligi tomonidan chop etilgan. Uning tayyorlanishida To‘qtag‘ulning hayot yo‘li va uning asarlari talqinini tadqiq etgan qirg‘iz, o‘zbek, ozarbayjon, qozoq, turkman va turk adabiyotshunoslari ishtirok etdilar.
Taqdimotda so‘zga chiqqanlar To‘qtag‘ulning qirg‘iz madaniy merosiga qo‘shgan xissasi haqida gapirdilar. Respublika Banalmilal madaniyat markazi direktori Nasriddin Muhammadiev To‘qtag‘ulning hayoti davrlari, shu davrlarda yaratilgan she’r va qo‘shiqlari haqida hikoya qiluvchi bag‘ishlov-kitobning ahamiyatini e’tirof etdi. “Mazkur kitobda olimlar To‘qtag‘ul ijodiga mansub qirg‘iz quy-qo‘shiqlarni, maqol va matallarni tahlil etadilar. Kitobda shuningdek, shoir asarlariga, dostonlariga oqinlar aytishuvlariga sharhlar berilgan», dedi N.Muhammadiev.
Shoir va tarjimon T.Adashboev va qirg‘iz milliy madaniy markazi raisi R.Jabborov To‘qtag‘ul asarlarini o‘zbek tiliga o‘girish bilan shugullangan va shug‘ullanayotgan shoir va tarjimonlar haqida gapirdilar. “Qirg‘iz xalq og‘zaki ijodchiligining eng mashhur vakili, qirg‘iz folklorining bilimdoni, bastakor va mohir qo‘mizchi, sozanda, qirg‘iz adabiyoti asosochilaridan biri To‘qtag‘ul o‘zbegu qirg‘iz elini oralab ijod etgan, u o‘zbek va qirg‘iz xalqlari baxshisi, oqini hisoblanardi. To‘qtag‘ulni Olatog‘ning bulbuli deb ham atar edilar. Uning 20 asr boshlarida chop etilgan she’riy to‘plamlarida sof o‘zbek tiliga mansub so‘zlar ham uchrar edi. To‘qtag‘ul she’rlari A.Muxtor, Zulfiya kabi shoirlar tomonidan o‘zbek tiliga o‘girilgan”, dedi T.Adashboev.
Kitobni o‘zbek tiliga tarjima qilgan, f.f.n. Z.Isomiddinov To‘qtag‘ul ijodi haqida quidagilarni so‘zlab berdi: “To‘qtag‘ul ijodida o‘zi ulg‘aygan yurti, o‘z bolaligi, yoshligi, tutqunlikda kechgan hayoti, karilik davri va bshq. haqida kuylagan. Kitobda To‘qtag‘ulning adabiy merosi bilan bir qatorda uning musiqiy mahorati haqida, ya’ni uning qo‘miz yasash, chalish va uning sadolari ostida kuylash mahorati haqida ham so‘z boradi. Shuningdek kitobda To‘qtag‘ul shogirdlaridan yozib olingan nota asarlari namunalari va To‘qtag‘ul davomchilari ijrosidagi oqin va mutafakkirning qo‘shiqlari va dostonlari yozilgan CD disk ham ilova qilingan”.
“To‘qtag‘ul: qo‘shiqqa evrilgan, kuylarga to‘kilgan umr”bag‘ishlov-kitobi tarjimasining taqdimotida turli yillarda o‘zbek tiliga tarjima qilingan, turli yillarda nashr etilgan va O‘zbekiston Milliy kutubxonasi fondidan joy olgan qirg‘iz oqini To‘qtag‘ulning kitoblari ko‘rgazmasi namoyish etildi.
O‘zbekiston Milliy kutubxonasi matbuot xizmati