O‘zbekiston Milliy kutubxonasida O‘zbekiston xalq shoirasi Zulfiya asarlarining ko‘rgazmasi ochildi -
Bo`limga qaytish
01.03.2016
2016 yil 1 mart kuni O‘zbekiston Milliy kutubxonasida O‘zbekiston xalq shoirasi Zulfiya tavalludi munosabati bilan uning asarlari ko‘rgazmasi ochildi. Kitob-rasmli ko‘rgazmada shoiraning hayoti va ijodiga bag‘ishlangan kitoblar, jurnallar va gazetalar taqdim etilmoqda.
O‘zbek xalqining sevimli shoirasi, taniqli jamoat arbobi, O‘zbekiston xalq shoiri Zulfiya Isroilova 1915 yil 1 mart kuni Toshkentda tug‘ildi. U yuksak ma’naviyatli ziyolilar oilasida tavallud topdi. Zulfiya o‘rta maktabni va xotin-qizlar pedagogika bilim yurtini tamomlagach respublika gazeta va jurnallari nashriyotlarida ishlay boshladi, she’riyatga oshno bo‘lib she’r yozishni mashq qila boshladi. Zulfiyaning yoshlik, do‘stlik va inson qalbi go‘zalliklari haqidagi “Hayot varaqlari” deb nomlangan birinchi she’riy to‘plami 17 yoshidayoq chop etildi. U 1938yildan boshlab turli nashriyotlarda muharrir, bo‘lim boshlig‘i bo‘lib ishlaydi, respublika va respublikalararo tashkilotlar a’zosi bo‘lib faoliyat yuritdi.
Zulfiya o‘z ijodida o‘z xalqi, uning mingyillik an’analari, oila qo‘rg‘onini asraguvchi ona-Vatanni tarannum etdi. U hech qachon o‘z erishganlarida to‘xtamas, hamisha o‘z ustida ishlar. Uning bu harakatlari natijasi bo‘lmish “Xojar”, “Hur qiz”, “Biz”, “Men seni sevar edim”, “Kuylarim sizga” she’rlarini kitobxonlar sevib qabul qildilar. Shoiraning eng mashhur “Hulkar”(1947),, “Men tongni kuylayman” (1950), she’rlari, “Yuragimga yaqin kishilar”(1958), “Xijron kunlarida”(1944), “Uni Farxod derdilar”(1943), “Mening bahorim” (1958),, “Shalola”(1976) she’riy to‘plamlari unga xalq e’tirofini olib keldi. Shu to‘plamlar qardosh xalqlar tillariga ham tarjima qilindi. Zulfiyaning ijodiy kamolotida o‘zbek va rus klassiklari, xalq og‘zaki ijodiyoti va jahon adabiyoti an’analarining roli benihoya bo‘ldi. Zulfiyaning she’rlari rus, ingliz, nemis, hind, bolgar, xitoy, arab, fors va boshqa tillarga tarjima qilingan. Shuningdek, u N.A.Nekrasov, M.Yu.Lermontov, V.Inber, L.Ukrainka, E.Ognetsvet, M.Dilboziy, A.Pritam asarlarini o‘zbek tiliga mahorat bilan tarjima qilgan.
Taniqli jamoat arbobi, O‘zbekiston xalq shoirasi Zulfiya Isroilova tavalludi munosabati bilan uning asarlari ko‘rgazmasiga tashrif buyurgan kutubxona foydalanuvchilari uning «Yillar sadosi», «Shalola», «Bahor keldi seni so‘roqlab», «Tong bilan shom aro» kitoblari, she’riy to‘plam va saylanmalari, shuningdek, gazeta va jurnallarda chop etilgan Zulfiya hayoti va ijodiga doir maqolalar bilan tanishadilar.
O‘zbekiston Milliy kutubxonasi matbuot xizmati