O‘zbekiston Milliy kutubxonasida “O‘zbekiston – umumiy uyimiz” mavzusida do‘stlik festivali bo‘lib o‘tdi -
Bo`limga qaytish
17.02.2016
2016 yil 17 fevral kuni O‘zbekiston Milliy kutubxonasida Xalqaro ona tili kuniga bag‘ishlangan “O‘zbekiston – umumiy uyimiz” mavzusida do‘stlik festivali bo‘lib o‘tdi. Festivalda O‘zbekistonda faoliyat yuritayotgan milliy madaniy markazlar ishtirokchilari va shu yerda istiqomat qilayotgan turli millat vakillari ishtirok etdilar.
Tadbirni ochiq deb e’lon qilar ekan, Boshqird milliy madaniyat markazi rahbari I.Hasanov festival qatnashchilarini qutladi, barchani Xalqaro ona tili kuni bilan muborakbod etdi va mazkur tadbirning ahamiyati hamda sananing vujudga kelishi tarixi bilan tanishtirdi “Xalqaro ona tili kuni 1999 yilda YuNESKO tomonidan ta’sis etilgan bo‘lib, dunyo ahli e’tiborini yo‘qolib borayotgan tillarni asrab qolishga qaratilgan. Har kuni dunyoda ikkita til muomaladan chiqib borayotganini mazkur sananing dolzarbligi va ahamiyatliligini belgilaydi. Ularni asrab qolish yo‘lida qo‘yilgan yana bir qadam bu dunyo jamoatchiligi va xalqaro hamjamiyatlarning e’tiborini mazkur sanaga qaratishdir”, dedi I.Hasanov.
“O‘zbekiston – umumiy uyimiz” mavzusida do‘stlik festivalida boshqird milliy madaniy markazi “Agidel” klubi, yaxudiy milliy madaniyat markazi “Legava” ashula va raqs jamoasi, koreys raqs dastasi, rus milliy madaniy markazi “Sudarushka” ashula va raqs ansambli va boshqalar ishtirok etdilar. Festivalda turli xalqlar she’rlari, ashula va raqslari bilan bir qatorda milliy liboslar va taqinchoqlar, qo‘0irchoqlar va ro‘zg‘or anjomlari, kitoblar va jurnallar namoyish etildiyu
Xalqaro ona tili kuni arafasida o‘tkazilgan “O‘zbekiston – umumiy uyimiz” mavzusidagi do‘stlik festivali O‘zbekistonda istiqomat qiluvchi turli millat vakillarini birlashtirdi, ularning an’analariga ehtirom, xalqlariga hurmati va o‘zbek xalqining millatlararo bag‘rikengligining isboti bo‘ldi.
Bayram dasturini tomosha qilganlar osoishtalik va do‘stlik ruhini his etdilar, ko‘tariki kayfiyat va chuqur taassurotlar oldilar.
O‘zbekiston Milliy kutubxonasi matbuot xizmati