O‘zbekiston Milliy kutubxonasida Sayfi Olimovning 115 yilligiga bag‘ishlangan bibliografik obzor bo‘lib o‘tdi -
Bo`limga qaytish
15.02.2016
2016 yil 15 fevral kuni O‘zbekiston Milliy kutubxonasida O‘zbekiston xalq artisti, taniqli rejissyor, teatr va kino aktyori Sayfi Olimovning 115 yilligiga bag‘ishlangan bibliografik obzor bo‘lib o‘tdi. Tadbirda aktyor ijodining ixlosmandlari, teatr san’atini o‘rganayotgan uquvchilar va talabalar ishtirok etdilar.
Bibliografik sharhni O‘zbekiston yozuvchilar uyushmasi a’zosi, shoir Shukur Qurbon olib bordi. U yig‘ilganlarga aktyorning hayoti, ijod yo‘li, u rollar ijro tgan va o‘zi sahnalashtirgan spektakl va filmlari haqida hikoya qildi. Shuningdek moderator Sayfi Olimovning jamoat ishlari, uning o‘zbek xalqining mashxur shaxslari haqida filmlar suratga olish yo‘lida qilgan jonbozliklari haqida so‘zlab berdi.
Sayfi Olimov 1901 yili Toshkentda tavallud topdi. Aktyorlik faoliyatini 1918 yilda Toshkentning eski shahar qismida joylashgan xalq maorifi huzuridagi "Eltuzar" truppasida boshladi. 1919 yilda esa O‘zbek drama truppasiga ishga kiradi. 1927 yildan to umrining oxirigacha O‘zbek Davlat akademik drama teatrida yetakchi aktyor sifatida ishlaydi. Sayfi Olimov rejissyorlik sohasida ham faoliyat ko‘rsatadi. Mannon Uyg‘urning "Turkiston tabibi" spektaklidagi tabib roli S.Olimovning teatr sahnasida ijro etgan birinchi roli edi. Shundan keyin u jahon klassiklari, o‘zbek va rus dramaturglari asarlari asosida sahnalashtirilgan o‘nlab spektakllarda rollar ijro etib, o‘z ijodiy qiyofasiga ega bo‘ldi. O‘zbek teatr san’atida munosib o‘rnini topdi. Aktyor yaratgan Boy ("Boy ila xizmatchi"), Mahmudxon ("Zaharli hayot"), Miller ("Makr va muhabbat"), Sultonbek ("Arshin mol alan"), Ibn Salom ("Layli va Majnun"), Xoqon ("Farhod va Shirin"), Pantalone ("Ikki boyga bir malay"), Poloniy ( "Hamlet"), Shahar hokimi ( "Revizor"), Nasaviy ( "Jaloliddin"), Jomiy ("Alisher Navoiy") kabi o‘nlab hayotiy, to‘laqonli, rangorang obrazlar hamon tomoshabinlar xotirasida. U uchun hech qachon katta-kichik rol bo‘lmagan, u o‘ziga topshirilgan har qanday rolni maromiga yetkazib ijro etgan. S.Olimov aktyorlik bilan rejissyorlik faoliyatini baqamti olib borib, J.Jabborlining "Oydin", Z.Fatxullinning "Istiqlol", U.Ismoilovning "Rustam", M.Shayxzodaning "Jaloliddin", "O‘jar", Gogolning "Uylanish", K.Yashinning "Nomus va muhabbat" kabi spektakllarini sahnaga qo‘ygan. Sayfi Olimovning mehnati davlat tomonidan ko‘plab mukofot, medel va ordenlar bilan munosib taqdirlangan.
Bibliografik obzor erkin suhbat shakli tashkil etilgan bo‘lib, unda ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat etdilar va batafsil javoblar oldilar. Bibliografik obzor doirasida O‘zbekiston xalq artisti, taniqli rejissyor, teatr va kino aktyori Sayfi Olimovning 115 yilligiga bag‘ishlangan uning hayoti va ijodi haqida hikoya qiluvchi kitoblar va uning faoliyatini yorituvchi maqolalarni o‘z ichiga olgan jurnallardan tashkil topgan kitob rasmli ko‘rgazma ochildi.
O‘zbekiston Milliy kutubxonasi matbuot xizmati