O‘zbekiston Milliy kutubxonasida Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludining 533 yilligiga bag‘ishlangan adabiy kecha bo‘lib o‘tdi -
Bo`limga qaytish
12.02.2016
2016 yil 12 fevral kuni O‘zbekiston Milliy kutubxonasida Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludining 533 yilligiga bag‘ishlangan “Yoshlar kamolotida Zahiriddin Muhammad Bobur ijodiy merosining o‘rni va ahamiyati” mavzusida adabiy kecha bo‘lib o‘tdi. O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Markaziy kengashi Yoshlarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish masalalari sektori bilan hamkorlikda o‘tkazilgan mazkur tadbirda boburshunos olimlar, shoirlar, yozuvchilar, teatr aktyorlari va kutubxona foydalanuvchilari ishtirok etdilar.
Tadbir maqsadi – Bobur asarlaridagi ezgu g‘oyalarning yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ularda vatanga sadoqat, milliy qadriyatlarimizga ehtirom, yurt taraqqiyotiga daxldorlik hissi va mustaxkam fuqarolik pozitsiyasini shakllantirishdagi ahamiyatini e’tirof etishdan iborat.
Adabiy kechani O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Markaziy kengashi Yoshlarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish masalalari sektori mudiri U.Bektemirov ochar ekan, mazkur tadbirning va Zahiriddin Muhammad Bobur hayot yo‘lini va ijodini o‘rganishning zarurati va ahamiyati haqida gapirdi. S.f.d., professor A.Madraimov yosh avlodning ma’naviy kamoloti yo‘lida Bobur ijodiy merosining tarbiyaviy ahamiyati haqida so‘zladi va “Temuriylar va Boburiylar davri madaniyati. Kitobat va rangtasvir san’atiga chizgilar” kitobida keltirilgan ma’lumotlar bilan tanishtirdi. “Bobur 10dan ziyod janrlarda ijod qilgan shoir va “Boburnoma” deb nomlangan tarixiy asarining muallifi sifatida tanish. Lekin uning turk fonetikasiga mos keluvchi “Xatti Boburiy” va Xo‘ja Abror Valiyning “Volidiya” deb nomlangan diniy-falsafiy asarining tarjimoni sifatida kamchilik tanisa kerak. “Boburnoma” Boburning hayotligidayoq boshqa tillarga tarjima qilina boshlangan”, dedi professor A.Madraimov.
O‘zbekiston xalq xofizi H.Rajabiy Zahiriddin Muhammad Boburning zamonaviy o‘zbek san’ati, uning “Boburnoma” asarining o‘zbek madaniyatiga rivojiga ko‘rsatgan ta’siri, Boburning musiqiy iqtidori va musiqaga bag‘ishlangan risolalari haqida gapirib berdi. O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist M.Ismoilov adabiy kechada o‘zbek teatr sahnalarida gavdalantirilayotgan Bobur obrazlari haqida so‘zladi. Zulfiya Davlat mukofoti sovrindori Yu.O‘rmonova esa Zahiriddin Muhammad Bobur kabi ajdodlarning avlodi ekanligidan faxr va iftihor tuyg‘usini tuyayotganini izhor qildi va uning ruboiylaridan o‘qib berdi.
Adabiy kecha ishtirokchilari tashkilotchilarga o‘z minnatdorchiliklarini bildirdilar va olgan taassurotlari bilan o‘rtoqlashdilar.
O‘zbekiston Milliy kutubxonasi matbuot xizmati