O’zbekiston Milliy kutubxonasida “Alisher Navoiy ijodining ma'naviy hayotimizdagi ahamiyati” mavzusida respublika ilmiy konferensiyasi bo’lib o’tdi -
Bo`limga qaytish
09.02.2016
2016 yil 8 fevral kuni O’zbekiston Milliy kutubxonasida “Alisher Navoiy ijodining ma'naviy hayotimizdagi ahamiyati” mavzusidagi respublika ilmiy anjumani bo’lib o’tdi. O’zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Alisher Navoiy nomidagi Til va adabiyot instituti va O’zbekiston Yozuvchilar uyushmasi bilan hamkorlikda o’tkazilgan ulug’ o’zbek shoiri va mutafakkiri Alisher Navoiy tavalludining 575 yilligiga bag’ishlangan mazkur anjumanda navoiyshunos olimlar, adabiyotshunoslar, tarixchilar, tilshunoslar, ilmiy tadqiqotchilar, OTM o’qituvchilari va talabalari ishtirok etdilar.
Konferensiyada Alisher Navoiyning adabiy va ilmiy merosi, o’zbek adabiyoti ravnaqiga qo’shgan hissasi, uning olamshumul ahamiyatga ega ijodi, Alisher Navoiy asarlarining Yevropa adabiyotiga ta'siri, uning ijodining fanning boshqa sohalari bilan uzviy bog’langanligi, Alisher Navoiy boshqa tillarga tarjima qilingan asarlari, uning dunyo kutubxonalarida saqlanayotgan qo’lyozmalari, kitoblari, shuningdek, Alisher Navoiy adabiy merosining barkamol avlod tarbiyasida tutgan o’rni mavzusida ma'ruzalar tinglandi.
Hususan, O’zbekiston Qahramoni, Toshkent davlat sharqshunoslik instituti professori Suyima G’aniyeva Alisher Navoiy ijodi shakllanishida Sakkokiy qasidalarining o’rni haqida, O’zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining akademigi Azizxon Qayumov esa XV asrda Hirotdagi adabiy muhit haqida, o’sha davr hukmdori Husayn Boyqaro bilan bo’lgan do’stligi va adabiy hamkorligi haqida so’zladilar. “Alisher Navoiy va Husayn Boyqaroning do’stligi mamlakat madaniy va iqtisodiy hayotida ham o’z aksini qoldirdi. Mamlakatda tinchlik va osoishtalikni ta'minlash maqsadida ular xalq farovonligi va Xurosonda madaniyat va ilm-fan ravnaqiga katta e'tibor berdilar”.
So’zga chiqqanlar “Hamsa” da ijtimoiy muammolarning yoritilishi, Alisher Navoiy asarlarini o’rganish bo’yicha frazeologik lug’atning tuzilishi, “Qaro ko’zim” g’azalining tahliliy sintezi, Alisher Navoiy baytlarida qiyoslash tamoyili, Yevropa adiblari ijodida Navoiy lirikasining aks ettirilishi, Navoiy g’azallarida “olam” tushunchasining qo’llanilishi, “Hayrat-ul-abror” asarining ma'naviy talqini, “Saddi Iskandariy” dostonida lirik chekinish va “shoh” va “darvesh” tushunchalarni o’rganishga doir masalalar muhokama qilindi.
Shoir, mutafakkir, davlat arbobi Alisher Navoiy tavalludining 575 yilligi munosabati bilan o’tkazilgan “Alisher Navoiy ijodining ma'naviy hayotimizdagi ahamiyati” mavzusidagi respublika ilmiy anjumani doirasida O’zbekiston Milliy kutubxonasi Qo’lyozmalar, nodir va alohida qimmatga ega nashrlar xizmati fondida saqlanuvchi, XVII - XX asrlarga dahldor tarixiy adabiyotlar ko’rgazmasi bo’lib o’tmoqda. Bu yerda shoirning xattotlar tomonidan ko’chirilgan qo’lyozmalari, toshbosma va zamonaviy usullarda chop etilgan kitoblar namoyish qilindi.
O’zbekiston Milliy kutubxonasi matbuot xizmati