O‘zbekiston Milliy kutubxonasida Alisher Navoiy tavalludining 575 yilligiga bag‘ishlangan “Navoiy asarlaridagi ezgu g‘oyalarning yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashdagi ahamiyati” mavzusida adabiy kecha bo‘lib o‘tdi -
Bo`limga qaytish
05.02.2016
2016 yil 5 fevral kuni O‘zbekiston Milliy kutubxonasida Alisher Navoiy tavalludining 575 yilligiga bag‘ishlangan “Navoiy asarlaridagi ezgu g‘oyalarning yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashdagi ahamiyati” mavzusida adabiy kecha bo‘lib o‘tdi. Tadbir O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Markaziy Kengashi Yoshlarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish sektori tashabbusi bilan o‘tkazilgan bo‘lib, unda navoiyshunos olimlar, shoirlar, teatr aktyorlari, o‘quvchi yoshlar va kutubxona foydalanuvchilari ishtirok etdilar.
Tadbirdan ko‘zlangan asosiy maqsad – Navoiy asarlaridagi ezgu insoniy g‘oyalarni yoshlar ruhiyatiga va onggiga yanada chuqurroq singdirish, ularni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, vatanga sadoqat, o‘tmishga ehtirom, yurt taraqqiyotiga daxldorlik hissi va mustahkam hayotiy pozitsiyasini shakllantirishdagi ahamiyatini yoshlar orasida targ‘ib qilishdan iborat.
Tadbirda so‘zga chiqqanlar Alisher Navoiy siymosi va badiiy-ma’naviy merosining hozirgi yoshlar tarbiyasidagi o‘rnini alohida e’tirof etdilar. Hususan, O‘zbekiston XDP Markaziy Kengashi Yoshlarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish masalalari sektori mudiri Umurbek Bektemirov Alisher Navoiy asarlarida vatanparvarlik va sadoqat ruhining ta’siri, shoir qoldirgan boy adabiy merosning bugungi yoshlar tarbiyasidagi ahamiyati haqida so‘zladi. Tadbirda filologiya fanlari nomzodi Omonullo Madaev “Navoiy asarlarida ezgu g‘oyalarning yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashdagi ahamiyati” mavzusida ma’ruza qildi va shoir asarlarida tarannum etilgan ezgu g‘oyalar mustaqil Vatanimiz bugungi hayotida, xalqimizning orzu-maqsadlarida o‘z ifodasini topayotganligini ta’kidlab o‘tdi. O‘zbekiston XDP Toshkent shahar kengashi raisi o‘rinbosari, p.f.n. Nilufar Yuldasheva “Alisher Navoiy ijodida xikmatli so‘zlardan foydalanish” mavzusidagi suhbatida Navoiy asarlaridagi hikmatli so‘zlarning yoshlar tarbiyasidagi o‘rni, ularning ma’naviy kamolotida ruhlantiruvchi kuchi haqida gapirdi. O‘zbek milliy akademik drama teatri aktyorlari Ra’no Yarasheva va Mexriddin Raxmatovlar Alisher Navoiy siymosining o‘zbek xalqi ma’naviy dunyosining shakllanishida ahamiyati haqida so‘zladilar.
Tadbir ishtirokchilari o‘zlarini qiziqtirgan barcha savollarga javob oldilar tashkilotchilarga o‘z minnatdorchiliklarini bildirdilar.
O‘zbekiston Milliy kutubxonasi matbuot xizmati