O‘zbekiston Milliy kutubxonasida ilmiy-ma’rifiy bazalaridan jamoaviy foydalanish imkoniyatlari bilan tanishtiruvchi seminar bo‘lib o‘tdi -
Bo`limga qaytish
03.02.2016
2016 yil 2 fevral kuni O‘zbekiston Milliy kutubxonasida ilmiy-ma’rifiy bazalaridan jamoaviy foydalanish imkoniyatlari bilan tanishtiruvchi seminar bo‘lib o‘tdi. Mazkur seminarda barcha qiziquvchilar, ilmiy tadqiqotchilar, OTM va O‘zbekiston FA qoshidagi barcha ilmiy-tadqiqot institutlari axborot-kutubxona muassasalari mutaxassislari ishtirok etdilar.
Seminar maqsadi – axborot-kutubxona sohasi mutaxassislarini ilmiy ta’lim manbalari bazalari bilan tanishtirish, dunyo ilmiy ta’limiy resurslaridan O‘zbekiston Respublikasi axborot-kutubxona muassasalarida samarali foydalanishni ta’minlash kabi dolzarb muammolarning yechimini topish.
Tadbirni ochiq deb e’lon qilar ekan, O‘zbekiston Milliy kutubxonasi direktori o‘rinbosari U.Teshabaeva yig‘ilganlarni uning mohiyati bilan tanishtirdi va dunyo axborot resurslariga kirish imkoniyatining ahamiyati haqida gapirib berdi. O‘zbekiston Milliy kutubxonasi ilmiy-metodik taqdiqot xizmati rahbari V.Polyakova dunyo axborot resurslariga kirish imkoniyatining ahamiyati, undan foydalanishni ta’minlashning samaradorligi va bu borada O‘zbekiston Milliy kutubxonasida bajarilgan bosqichlar va istiqboldagi vazifalar haqida so‘zlab berdi. Shuningdek, O‘zbekiston Milliy kutubxonasining EIFL Xalqaro konsorsiumidagi a’zoligi haqida ham ma’lumot berdi. “EIFL Xalqaro konsorsiumidagi a’zoligi tufayli O‘zbekiston Milliy kutubxonasi respublikamizda fan taraqqiyoti va ta’lim sifatini oshirishga kshmaklashuvchi 30dan ziyod xorijiy ilmiy-ta’limiy bazalarga va 120 mln. resurslarga, iqtisodiyot, menedjment, tibbiyot, arxitektura, psixologiya, sotsiologiya kabi ochiq resurslarga bepul kirish imkoniyatiga ega”.
Onlayn tartibida o‘tgan seminar doirasida EBSCO kompaniyasi koordinatori Irina Kreysarova bilan video-konferens aloqa o‘rnatildi. Unda I.Kreysarova kompaniyaning maqsadlari va vazifalari bilan tanishtirdi. U ilmiy-ta’limiy bazalar va ularda mavjud resurslarga bepul kirish imkoniyatini beruvchi ko‘makchilar, zarur axborot resursini tezkorlik bilan topish, ularni yuklab olish va to‘la matnda o‘qish imkoniyatini berishi, shuningdek, tadqiqotchilar uchun mavjud qulayliklar, yetakchi ilmiy jurnallar va ilmiy to‘plamlar haqida gapirib berdi.
Ye-LINE-Press kompaniyasi vakili Nargiza Djalalova ilmiy maqolalarni chop etuvchi jurnallarning tahliliy sharhini havola qildi, oliy attestatsiya komissiyasining asosiy jurnallari, xalqaro ilmiy jurnallar va ularga ilmiy maqolalar yuborish qoidalari bilan tanishtirdi.
Vebinar (onlayn-seminar) ishtirokchilari o‘zlarini qiziqtirgan barcha savollarga atroflicha javob oldilar va mazkur tadbir tashkilotchilariga o‘z minnatdorchiliklarini bildirdilar.
O‘zbekiston Milliy kutubxonasi matbuot xizmati