O‘zbekiston Milliy kutubxonasida Izzat Sulton tavalludining 105 yilligiga bag‘ishlangan bibliografik obzor bo‘lib o‘tdi -
Bo`limga qaytish
25.11.2015
2015 yil 25 noyabr kuni O‘zbekiston Milliy kutubxonasida O‘zbekiston FA akademigi, adabiyotshunos olim Izzat Sulton tavalludining 105 yilligiga bag‘ishlangan “Adabiyot ilmining sultoni” mavzusida bibliografik obzor bo‘lib o‘tdi. Tadbirda Toshkent shahri va Toshkent viloyati axborot-kutubxona muassasalari mutaxassislari, kutubxona foydalanuvchilari ishtirok etdilar.

Bibliografik obzor moderatori O‘zbekiston yozuvchilar uyushmasi a’zosi, shoir Shukur Qurbon yozuvchi, adabiy tanqidchi, dramaturg, davlat va jamoat arbobi Izzat Sulton hayoti, ijodiy yo‘li va jamoat ishlaridagi faoliyati haqida so‘zlab berdi. Izzat Sulton ijodi to‘g‘risida gapirar ekan, moderator mashhur yozuvchilar va adabiyotshunoslarning u haqidagi xotiralarini o‘qib berdi.
Izzat Sulton 1910 yilda O‘sh shahrida tavallud topgan. Pedagogik texnikumni tugatgach, Toshkentda o‘qituvchi bo‘lib ishlagan. 1930-1940 yillardayoq uning hikoyalari, ocherklari, she’rlari respublika gazeta va jurnallarida chop etilgan. Toshkent pedegogika institutidan so‘ng, aspiranturani tugatgach, filologiya fanlari doktori ilmiy darajasiga ega bo‘ldi. U rahbarlik lavozimlarida ishlagan, OO‘Yularida dars bergan. Izzat Sulton adabiyotshunos va adabiy tanqidchi sifatida tanilgan. Uning asarlari 4 tomlik to‘plamda yig‘ilgan. Uning ssenariylari bo‘yicha “Alisher Navoiy”, “Fidoyi”, “Shoir qalbi” nomli kino asarlari suratga olingan. Ko‘plab ilmiy-nazariy maqolalari, o‘zbek adabiyoti tarixi va nazariyasiga oid monografiyalari va tadqiqotlari gazeta sahifalarida chop etilgan. U ko‘plab davlat mukofotlari bilan taqdirlangan.

Izzat Sulton tavalludining 105 yilligiga bag‘ishlangan bibliografik obzorda axborot-kutubxona muassasalari mutaxassislari faol ishtirok etib, uning drama va she’rlaridan parchalar o‘qidilar, Izzat Sulton zamondoshlarining xotiralaridan hikoya qildilar.
Shuningdek, O‘zbekiston Milliy kutubxonasida akademik, adabiyotshunos olim Izzat Sulton tavalludining 105 yilligiga bag‘ishlangan “Alloma, adib, arbob” nomli kitob-rasmli ko‘rgazma ochildi. Ko‘rgazmada Izzat Sultonning kitoblari, Izzat Sulton haqidagi kitoblar va uning dramalari, adabiy-tanqidiy mulohazalari, pesalari, hikoya va romanlarini o‘z ichiga olgan asarlar to‘plami o‘rin olgan.