O‘zbekiston Milliy kutubxonasida rassom Kamoliddin Behzod tavalludining 560 yilligiga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi -
Bo`limga qaytish
19.11.2015
2015 yil 19 noyabr kuni O‘zbekiston Milliy kutubxonasida o‘zbek miniatyura san’ati asoschisi, rassom Kamoliddin Behzod tavalludining 560 yilligi munosabatiga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi. Tadbirda Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomchilik va dizayn instituti, Toshkent moliya instituti professor-o‘qituvchilari, talabalari va kutubxona foydalanuvchilari ishtirok etdilar.

Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomchilik va dizayn instituti miniatyura va kitob grafikasi kafedrasi dotsenti, musavvir Mirxamid Sobirov mashhur Sharq musavviri hayoti va ijodiga bag‘ishlangan ma’ruza bilan ishtirok etdi. U tasviriy san’atda Kamoliddin Behzodning dunyoni anglash, uni chiziqlar, shakllar va ranglar orqali aks ettirishga asoslangan falsafiy va ma’naviy merosini alohida ta’kidlab o‘tdi. Shuningdek, ma’ruzachi uning asarlarida muhrlangan tarixiy voqeliklar, uning buyuk shoir Alisher Navoiy bilan ijodiy hamkorligi haqida gapirdi. “Miniatyura Sharqda o‘z badiiy ahamiyatini yo‘qotmagan holda qo‘lyozma asarining qismi hisoblanadi. Tarixdan bilamiz-ki, Behzodni aybladilar, dushmanlardan himoya qildilar, uni o‘zini ardoqladilar, asarlarini esa ko‘z qorachig‘iday asradilar. Kamoliddin Behzod hamda uning nafis tasviriy san’at maktabi namoyondalari tomonidan yaratilgan miniatyuralar bizga o‘sha davr tarixi, xalqlarning kiyim kechagi, an’analari, mashg‘ulotlari, ro‘zg‘or buyumlari va musiqa asboblari to‘g‘risida hikoya qiladi. Bunga birgina misol, uning Samarqanddagi mashhur Bibixonim masjidining qarilish jarayoni tasvirlangan rasm. Abduraxmon Jomiy, Alisher Navoiy, Abdullox Xotifiy kabi mutafakkirlar va Sulton Husayin Mirzo, Muhammad Shayboniyxon, shoh Ismoil Safaviy va shoh Tahmosib kabi tarixiy shaxslarning siymolari bizgacha Kamoliddin Behzod miniatyuralari orqaligina yetib kelgan”, dedi M.Sobirov.

Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomchilik va dizayn instituti miniatyura va kitob grafikasi kafedrasi mudiri, musavvir Behzod Xojimetov hozirgi kunda zamonaviy miniatyura san’ati o‘qitilish bosqichlari to‘g‘risida so‘zlab berdi. Axborot-kutubxona fondlarini konservatsiya va restavratsiya qilish xizmati rahbari, ta’mirchi Marif Salimov esa miniyatyura san’ati, kitob grafikasi va miniatyura janrida kitob muqovasini tayyorlash usullari haqida hikoya qildi.

Tadbir doirasida Kamoliddin Behzod ijodiga bag‘ishlangan kitob-rasmli ko‘rgazma tashkil etildi. Ko‘rgazmada uning rasmlarini o‘z ichiga olgan kitoblar, musavvir haqida qisqacha ma’lumotlarga ega ensiklopediyalar va Behzod faoliyatiga bag‘ishlangan maqolalarni o‘z ichiga olgan jurnallar o‘rin olgan.
