O‘zbekiston Milliy kutubxonasida Imom al-Buxoriy tavalludining 1205 yilligiga bag‘ishlangan davra suhbati bo‘lib o‘tdi -
Bo`limga qaytish
18.11.2015
2015 yil 18 noyabr kuni O‘zbekiston Milliy kutubxonasida Imom al-Buxoriy tavalludining 1205 yilligiga bag‘ishlangan “Imom al-Buxoriy merosining komil inson tarbiyasidagi roli” mavzusida davra suhbati bo‘lib o‘tdi. Tadbir O‘zbekiston Marifatparvarlar jamiyati bilan hamkorlikda o‘tkazildi.

Tadbirda Toshkent Davlat Sharqshunoslik instituti, Toshkent Tibbiyot akademiyasi, Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy Universiteti, Toshkent Islom universiteti va Toshkent axborot texnologiyalari universiteti professor-o‘qituvchilari, mutaxassislari va talabalari, shuningdek, Imom Buxoriy xalqaro markazi va O‘zbekiston musulmonlari idorasi vakillari ishtirok etdilar.

Tadbirda O‘zbekiston Marifatparvarlar jamiyati raisi, tarix fanlari doktori, professor Ubaydulla Uvatov, O‘zbekiston musulmonlari idorasidan fatvo bo‘limi boshlig‘i Abdulxamid Tursunov, Imom Buxoriy xalqaro markazi direktori o‘rinbosari, falsafa fanlari doktori, professor Baxtiyor To‘raev, Toshkent Davlat Sharqshunoslik instituti huzuridagi Abu Rayxon Beruniy nomli Sharq qo‘lyozmalari markazi ilmiy kotibi, katta ilmiy xodim, izlanuvchi Ne’mat Jabborov, Toshkent Davlat Sharqshunoslik instituti huzuridagi Abu Rayxon Beruniy nomli Sharq qo‘lyozmalari markazi, katta mutaxassisi Najmiddin Mirmaxmudovlar o‘z ma’ruzalari bilan so‘zga chiqib, Imom al-Buxoriy merosining hozirgi kundagi ahamiyati va shaxsni har tomonlama yetuk, komil inson etib tarbiyalashdagi roli haqida gapirdilar.

Tadbirda Imom al-Buxoriy asarlari hozirgi kunda ham o‘z dolzarbligini yo‘qotmaganligi, ularni o‘rganish, ilmiy tadqiqotlar olib borish zarurligi, yosh avlodni diniy qadriyatlarimizga, an’analarimizga sadoqat ruhida tarbiyalashda Buxoriyning boy ma’naviy merosidan foydalanishimiz zarurligi tilga olindi. So‘zga chiqqanlar Buxoriyning umr bo‘yi to‘plagan va tizimga soligan sahih (to‘g‘ri, ishonchli) va g‘ayri sahih (hato, zaif)ga hadislarining tarbiyaviy ahamiyatini ta’kidladilar, masalan, «Al-jomiy as-sahih» («Ishonchli to‘plam»), «Al-adab al-Mufrad» («Adab durdonalari»), «Kitob al-Kuna» («Kunyalar hakida kitob»), «At-tarix al-kabir» («Katta tarix»), «Tafsir al-Kur’on» («Kur’on tafsiri») kitoblari.
Tadbirda ishtirok etgan talabalar va izlanuvchilar o‘zlarini qiziktirgan barcha savollarga javoblar oldilar, davra suhbati ularda katta taassurot qoldirdi.