O‘zbekiston Milliy kutubxonasida “Xalqimiz timsoli – yuksak bir yalov” shiori ostida davra suhbati bo‘lib o‘tdi -
Bo`limga qaytish
17.11.2015
2015 yil 17 noyabr kuni O‘zbekiston Milliy kutubxonasida Toshkent Oliy umumqo‘shin ko‘mondonlik bilim yurti bilan hamkorlikda O‘zbekiston Respublikasi davlat bayrog‘i qabul qilingan kun munosabati bilan “Xalqimiz timsoli – yuksak bir yalov” shiori ostida davra suhbati bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda so‘zga chiqqanlar xar bir xalqning azaldan o‘z bayrog‘i bo‘lganligini va u xalqning qadr-qimmati, or-nomusi, ko‘z qorachig‘i sifatida himoya kilingani, u uchun minglab insonlar o‘z jonlarini fido qilganliklarini e’tirof etdilar. Hozirgi kunda milliy bayrog‘imiz xalqaro tashkilotlar peshtoqida, nufuzli anjumanlar to‘rida, sport musobaqalarida xilpirab yurtdoshlarimizning vatanparvarlik tuyg‘usi, mamlakatimizning obro‘-e’tibori ramzi bo‘lib kelayotganini alohida aytib o‘tdilar.

Tadbirda TOUKBYu dotsenti, t.f.n. I.Inoyatov tariximizda bayroqlarning ahamiyati, uning davlat boshqaruvida tutgan o‘rni va undagi ramziy belgilarning mohiyati haqida so‘zlab berdi. “Mazkur qonunda ta’kidlanganidek, milliy bayrog‘imiz davlat suverenitetining ramzlaridan biridir. Davlat ramzlari har bir mamlakatning suvereniteti va mustaqilligini ifodalovchi muqaddas timsollardir. O‘zbekistonning davlat ramzlari xalqimizning shon-sharafi, tarixiy xotirasi va intilishlarini o‘zida mujassam etib, shu yurtda yashovchi har bir fuqaroga g‘urur, faxr va iftixor bag‘ishlaydi”, dedi I.Inoyatov. O‘zbekiston yozuvchilar uyushmasining a’zosi, shoir Shukur Qurbon esa o‘z asarlarida bayroqni tasvirlagan, uni barcha xislatlarini tarannum etgan adiblarimizning ijodlari ustida to‘xtaldi va ulardan bir nechtasini o‘qib berdi.

Tadbirda ishtirok etgan yosh iste’dodli shoirlar: Iftixor Xonxo‘jaev, Barno Ravshanova va Zulfiya mukofoti laureati Yulduzoy O‘rmonovalar o‘z ijodlaridan Vatan, davlat ramzlari mavzusiga bag‘ishlangan she’rlarini o‘qib berdilar.
Tadbir doirasida O‘zbekiston Milliy kutubxonasi foyesida O‘zbekiston Respublikasi davlat ramzlari, hususan bayroq mavzusini yorituvchi kitoblar,rasmlar, jurnallar va gazetalardan iborat ko‘rgazma tashkil etildi.