“INFOLIB-2015” IV Milliy axborot- kutubxona haftaligi doirasida “Muqaddima” loyihasi taqdimoti -
Bo`limga qaytish
09.11.2015
“INFOLIB-2015” IV Milliy axborot- kutubxona haftaligi doirasida san’atshunoslik fanlari nomzodi, taniqli kinoshunos Nigora Karimovaning “Muqaddima” loyihasi taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Taqdimot Markaziy osiyoning 1920–1930 yillarda suratga olingan ilk ovozsiz filmlaridan lavhalar muhrlangan foto ko‘rgazma va filmlar namoyishini o‘z ichiga oladi.

Ko‘rgazma YuNESKOning O‘zbekistondagi vakolatxonasi, “O‘zbekkino” Milliy agentligi va O‘zbekiston Badiiy akademiyasi rahbarligida , “San’at” jurnali va O‘zbekiston Badiiy akademiyasi foto Uyi ko‘magida bo‘lib o‘tmoqda.
Taqdimotda san’atshunoslar, “O‘zbekkino” Milliy agentligi vakillari, kinotanqidchilar, kinoshunosldar, O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti talabalari va kutubxona foydalanuvchilari ishtirok etdilar.

Loyiha mohiyati to‘g‘risida so‘zlar ekan, N.Karimova uning negizini O‘zbekiston fanlar akademiyasining san’atshunoslik instituti ilmiy fondidan va O‘zbekiston Kino san’ati muzeyidan o‘rin olgan fotomateriallar tashkil etganini aytib o‘tdi. Loyiha o‘zbek kinematografiyasi asosi bilan tanishtiradi. Bu filmlar o‘tgan asrning ilk choragida ishlangan va bugungi kunda noyob bo‘lib qolgan ilk ovozsiz filmlardan hikoya qiladi. Bu loyiha ko‘plab san’atshunoslar, kinoshunoslar tomonidan e’tirof etilgan.

O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan san’at arbobi, O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti professori, operator A.Ismoilov loyihaning e’tiborli jihati, u butun dunyoda kino san’ati rivojlanib kelayotgan bir paytda bizning yurtimizda ham kino sohasi rivojlanganidan dalolat berishini, tomoshabinlarni bizning tarixiy va madaniy qadriyatlarimiz, o‘tmish, odamlar obrazlari, me’morchilik namunalari, uy ro‘zg‘or buyumlari bilan tanishtirishini ta’kidladi.

Loyiha doirasida o‘sha davr voqealaridan hikoya qiluvchi 1920–1930 yillarda suratga olingan “Ajal minorasi” (1925), “Ikkinchi xotin” (1925), “Baxt quyoshi” (1926), “Rovot qashqirlari” (1927), “Yopiq furgon” (1928), “Bog‘doddan kelgan amerikalik ayol” (1930) filmlaridan 100dan ziyod fotolavhalar va filmlar namoyish etildi. Namoyish chog‘ida loyiha muallifi san’atshunoslik fanlari nomzodi, taniqli kinoshunos N.Karimova filmlarni sharhlab bordi.