O‘zbekiston Milliy kutubxonasi nashriyotida “Pyateritsa izumleniy” kitobi nashr etildi -
Bo`limga qaytish
09.11.2015
2015 yil 9 noyabr kuni “INFOLIB-2015” IV Milliy axborot-kutubxona haftaligi doirasida Alisher Navoiyning “Pyateritsa izumleniy” kitobining rus tilidagi badiiy tarjimasi taqdimoti bo‘lib o‘tdi.

“Pyateritsa izumleniy” kitobining rus tilidagi tarjimasi filologiya fanlari doktori, navoiyshunos olim, xizmat ko‘rsatgan fan arbobi, akademik Aziz Qayumov va O‘zbekiston jahon iqtisodiyoti va diplomatiyasi universiteti professori Dinara Azimovaning say’i harakatlari tufayli amalga oshirildi. Alisher Navoiyning rusiyzabon kitobxonlarga avvallari notanish bo‘lgan asarlarining tarjimasi navoiyshunoslikda katta voqea hisoblanadi. “Pyateritsa izumleniy” kitobi tarjimasi o‘rta asrlar mutafakkiri, falsafa, dinshunoslik va tarixga doir kitoblar muallifi Abdurahmon Jomiyning 600 yillik tavalludiga atalgan.

Kitobning tanlanish sabablariga to‘xtalar ekan, akademik A.Qayumov asarning yoshlar ma’naviyatining har tomonlama rivojlanishida katta avlodga hurmat, izzat ko‘rsatish, ularni e’zozlash ruhida tarbiyalashdagi o‘rni borasida alohida to‘xtaldi. Shuningdek, A.Qayumov kitobning mohiyati, Alisher Navoiyning Jomiy asarlari va ilmiy faoliyatini tahlil etganligi haqida hikoya qiladi va ularning samarali hamkorligi ustida to‘xtaladi.

Kitobda Alisher Navoiy va Jomiy tanishuvining asl tafsilotlari hikoya qilinadi, ularning suhbatlari va dustona muloqotlari va o‘n beshinchi asrning ikkinchi yarmida Hurosonda bo‘lib o‘tgan tarixiy voqealar ta’riflanadi.
Yuqorida sanab o‘tilganlardan tashqari, kitobda Alisher Navoiy va Jomiy o‘rtasidagi yozishma o‘rin olgan. Unda Alisher Navoiyning Jomiyga murojaatlari va Jomiyning Alisher Navoiy xatlariga javoblari mujassam.
Shuningdek, Alisher Navoiy Jomiy ijodiga dahldor kitoblar, ugitlar, uning nazoratida o‘qilgan asarlar, sharhlar haqida va ustozi va do‘stining o‘limiga sabab bo‘lgan omillar va uning o‘limidan so‘ng ro‘y bergan voqealar to‘g‘risida hikoya qiladi. Kitobda Alisher Navoiy Jomiyning xotirasini abadiylashtirishda ko‘p sa’yi harakatlar qilgan Husayin Boyqaroga o‘z hurmatini izhor qiladi. Kitobning “duri” – Marsiya bo‘lib, u fors shoiri Abdurahmon Jomiyning o‘limidan so‘ng muallif tomonidan uning xotirasiga atab yozilgandir.
Tadbir qatnashchilari taqdim etilgan kitob bo‘yicha o‘z fikr-mulohazalarini bildirdilar va mualliflar dastxati qo‘yilgan kitoblar oldilar.