O‘zbekiston Milliy kutubxonasida kompyuter savodxonligi bo‘yicha o‘quv mashg‘ulotlari -
Bo`limga qaytish
30.10.2015
O‘zbekiston Milliy kutubxonasida keksa yoshdagi foydalanuvchilar uchun “Kompyuter savodxonligi va Internetdan foydalanish” ijtimoiy loyihasi asosida keksa foydalanuvchilarning kompyuter savodxonligini oshirish va Internet tarmog‘ida ishlashni o‘rganishga yo‘naltirilgan o‘quv mashg‘ulotlari tashkil etildi. Tadbir “Keksalarni e’zozlash yili” davlat dasturini amalga oshirish maqsadida tashkil etilgan.
Kutubxona mutaxassislari joriy yilning oktabr oyida hujjatlar bilan ishlash, ofis ilovalari, Internet tarmog‘ida kerakli ma’lumotni qidirish, ijtimoiy tarmoqlarda muloqot qilish kabi harakatlarni amalga oshirishga bag‘ishlangan navbatdagi mashg‘ulotlarni o‘tkazdilar.

Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va xorijiy axborot-kutubxona fondlariga ulanish xizmati mutaxassisi Gulnora Nazarmuxamedova bergan ma’lumotiga ko‘ra, mashg‘ulotlarda ishtirok etganlarning barchasi Microsoft Word, Microsoft Excel dasturlarida ishlash ko‘nikmalarini egalladilar, Internetda o‘z shaxsiy kabinetlariga ega bo‘ldilar, uydan chiqmay turib, O‘zbekiston Milliy kutubxonasi ma’lumotlar bazasida resurslarini qidirish va ularga onlayn buyurtma berishni, shuningdek, ijtimoiy tarmoqlarda muloqot qilishni o‘rganib oldilar. “Bizlarga 55 yoshdan 78 yoshgacha bo‘lgan nuroniylarimiz murojaat etishmoqda, ularning 90%ni oliy ma’lumotlilar tashkil etmoqda. Oktabr oyida 15 va 25 kishilik 2 ta guruhda mashg‘ulotlar o‘tkazildi. O‘tilganlarni samarali egallashlari uchun biz ularga alohida har bir darsga bag‘ishlangan ishlanmalar tarqatyapmiz”, dedi G.Nazarmuxamedova.

Mashg‘ulot qatnashchilari kompyuter savodxonligini oshirish darslarida egallagan bilimlarini o‘zaro almashmoqdalar, ularni amalda faol tadbiq qilib ko‘rmoqdalar va qiziqarli tashkil etilgan mashg‘ulotlar uchun minnatdorchiliklarini izhor etmoqdalar.
O‘zbekiston Milliy kutubxonasida keksa yoshdagi foydalanuvchilarga kompyuter bilan muloqot qilish ko‘nikmalarini egallashga ko‘maklashuvchi “Kompyuter savodxonligi va Internetdan foydalanish” mashg‘ulotlari davom etmoqda.
