O‘zbekiston Milliy kutubxonasida Ergash Karimov ijodiga bag‘ishlangan ko‘rgazma ochildi -
Bo`limga qaytish
28.10.2015
2015 yil 26 oktabr kuni O‘zbekiston Milliy kutubxonasida xalqimizning atoqli san’at arbobi, komediya janri ustasi, O‘zbekiston xalq artisti Ergash Karimov tavalludining 80 yilligiga bag‘ishlangan “Qalbida kulgu nazmi” deb nomlangan ko‘rgazma ochildi.
Ko‘rgazmada Ergash Karimov ijodi haqida hikoya qiluvchi “Milliy teatrimiz namoyondalari” va “San’atimiz yulduzlari” turkumidan “Kulishgani keldik” kitoblari, shuningdek, “Sog‘lom avlod uchun”, “O‘zbekiston matbuoti”, “Jannat makon” kabi vaqtli matbuotda chop etilgan maqolalar, ocherklar, suratlar va u bilan olib borilgan intervyular o‘rin olgan.
.jpg)
Teatr va kino aktyori O‘zbekiston xalq artisti Ergash Karimov 1935 yil 26 oktabr kuni Toshkentda tug‘ilgan. 1954 yilda teatr va rassomchilik institutining aktyorlik fakultetini tamomlagach, u Surxondaryo viloyat teatrida mehnat faoliyatini boshladi. Uning rollarni mahorat bilan ijro etishi televizion spektakllar rejissyorlari e’tiborini tortdi va u 1959 yilda O‘zbekiston televideniesiga ishga taklif qilindi. Ergash Karimov “Teleminiatyuralar teatri” asoschilaridan biri edi, keyinchalik esa u “Tabassum” radiojurnalini takshkil etdi.

Ergash Karimovninng yorqin rollari va unutilmas luqmalari xalq dilidan joy olgan, uning serqirra ijodi va o‘z kasbiga fidoiyligi ko‘plab yosh artistlarga o‘rnak bo‘lib kelmoqda. 40 yillik kino va teatrdagi ijodi davrida u Gavrosh (“Gavrosh”), direktor (“Lampa shisha”), “Paxtakor” ishqibozi (“Paxtakor” yutganda va yutqizganda”), poraxo‘r (“Oliq-soliq”), mehmon (“Toshkent piyolasi”), stilyaga (“Jorj-morj”) kabi unutilmas rollarni yaratdi. Uning o‘ziga xos ijrosi, qahramonlar his-tuyg‘ularni ifodalay olishi, so‘zlarining kulguli jihatlariga urg‘u berish qobiliyati mohir aktyorligidan dalolatdir.
Ko‘rgazmaga tashrif buyuruvchilar Ergash Karimov ijodi haqida hikoya qiluvchi maqolalar bilan tanishdilar va uning hayoti haqida ko‘proq ma’lumotga ega bo‘ldilar.