O‘zbekiston Milliy kutubxonasida Pirimqul Qodirov kitoblariga bag‘ishlangan ko‘rgazma ochildi -
Bo`limga qaytish
26.10.2015
2015 yil 26 oktabr kuni O‘zbekiston Milliy kutubxonasida O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, O‘zbekiston xalq yozuvchisi Pirimqul Qodirov kitoblariga bag‘ishlangan “Pirimqul Qodirov – badiiy so‘zni jonlantirgan ijodkor”nomli kitob ko‘rgazmasi ochildi.
Ko‘rgazmada P.Qodirovning "Gavharshodbegim”, “Humoyun va Akbar”, “Olmos kamar”, “Amir Temur siymosi”, “Meros”, “Yulduzli tunlar”, “Ona lochin vidosi” kabi tarixiy maavzuda yozilgan kitoblari va yoshlarning kundalik turmush muammolari, uning yechimlari, insoniy xislatlar va qahramonlarning ichki tuyg‘ulari yuksak badiiy mahorat bilan berilgan “Botirlar va baxillar”, “Qadrim”, “Izlaring”, “Erk”, “Olmos kamar”, “Qora ko‘zlar” asarlari o‘rin olgan.

Pirimqul Qodirov 1928 yil 25 oktabrda tug‘ilgan. Toshkent davlat universitetining sharqshunoslik fakultetini tamomlab O‘zbekiston Fanlar akademiyasi til va adabiyot institutida katta ilmiy xodim bo‘lib ishlagan. U “Studentlar” deb nomlangan birinchi asarini talabalik davrida, 1950 yilda yozgan. Uning birinchi romani “Uch ildiz” deb nomlanib, unda ko‘p hayotiy voqealar va turli xarakterlarga ega qahramonlar, ziyolilarning yosh vakillari aqlli, bilimli va teran fikrlovchi qilib ko‘rsatilgan bo‘lsa, “Qora ko‘zlar” romanida halol mehnatkashlar, chorvadorlar hayotiga bag‘ishlandi.

Uning asarlari dunyoning ko‘p tillariga tarjima qilingan va ekranlashtirilgandir. Shuningdek, u ham L.Tolstoy, M.Lermontov, A.Chexov, F.Fedin, X.Deryaev, P.Tolis asarlarini o‘zbek tiliga tarjima qilib o‘zbek kitobxonlariga tanitdi.
Ko‘rgazmada P.Qodirovning ocherklar, hikoyalar, qissalar va romanlaridan iborat ikki tomlik tanlangan asarlari to‘plami ham o‘rin olgan.
O‘zbekiston xalq yozuvchisi Pirimqul Qodirov kitoblariga bag‘ishlangan ko‘rgazmaga tashrif buyurgan foydalanuvchilar adib hayoti va ijodi bilan yaqindan tanishish imkoniyatiga ega bo‘ldilar.