O‘zbekiston Milliy kutubxonasida Pablo Pikasso ijodiga bag‘ishlangan kitob-rasmli ko‘rgazma ochildi -
Bo`limga qaytish
25.10.2015
2015 yil 25 oktabr kuni O‘zbekiston Milliy kutubxonasida Pablo Pikasso ijodiga bag‘ishlangan “Zamonaviy san’at dahosi” deb nomlangan kitob-rasmli ko‘rgazma ochildi. Ko‘rgazmada buyuk rassom, haykaltarosh, kulol va dizayner, kubizm yo‘nalishi asoschisi, syurrealist va impressionist hayoti va ijodiga dahldor kitoblar, albomlar, fotosuratlar va otkritkalar taqdim etilgan.

XX asrning mashhur san’at nomoyondalaridan biri Pablo Pikasso 1881 yil 25 oktabr kuni Ispaniyada tavallud topgan. Pikasso erta bolalikdar rasm chiza boshlagan, rassomlikning birinchi saboqlarini u otasi – rasm o‘qituvchisidan olgan. Maktabni tamomlagan u nafis san’at maktabiga, so‘ngra San-Fernandodagi Nafis san’at qirollik akademiyasiga o‘qishga kiradi. Bu yerda u badiiy jamiyatga a’zo bo‘ladi va 1900 yilda uning ikkita shaxsiy ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tadi. Pikassokubizm yo‘nalishining asoschisidir. Parijda Pikasso muzeyi faoliyat yuritadi. Undagi 200 dan ziyod kartinalar, 158 ta skulpturalar va minglab rasmlar Pikassoning avlodlari tomonidan tuhfa etilgan. O‘z umri davomida u 2 mingdan ziyod asar yaratgan.

Ko‘rgazmaning ahamiyatli jihati shundaki, unda nafaqat rasmlar illustrasiyasini, balki Pablo Pikasso tomonidan yozilgan kitoblarni ham tomosha qilish mumkin. Kitoblarda satrlar rasmlar bilan uyg‘unlashib, tashrif buyuruvchilarga Pikassoning san’atga kirib kelish yo‘li, uning zamondoshlarining ijodi haqida hikoya qiladi.
Ko‘rgazmaga tashrif buyuruvchilar dunyo muzeylarida saqlanayotgan va Pikasso tomonidan 1911-1971 yillar oralig‘ida ishlangan rasmlar illustrasiyasi bilan tanishadilar. Bular “Tutam sochli ayol”, “Absent shinavandasi”, “Shinonli ayol”,”Jazoir ayollari”, “Uchrashuv”, “Gadoy va bolakay”, “Fojia”, “Shar ustidagi qiz”, “Avinlik qizlar”, “Orta-de-Ebrodagi fabrika”, “Fernanda Olive portreti”, “Kanveyler portreti”, “Uch musiqachi”, “Kreslodagi al”, “Dengiz sohilidagi siymolar”, “Ko‘zgu oldidagi qiz”, “Ko‘zgu”, “Guldasta ko‘targan erkak” va boshqalar. Shuningdek, tashrif buyuruvchilar ispan rassom-yozuvchisining kitoblarini qo‘lga olib, ispan rassomlari, o‘sha olis, qiziqarli va g‘aroyib mamlakat madaniyati bilan tanishadilar.